O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 17:05 Chop etish versiyasi

Hali qilinadigan ishlar koʻp

Hali qilinadigan ishlar koʻp
Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muhammadiyev, Chilonzor tumani hokimi D.Hidoyatov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar boʻyicha barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi yuklatilgani alohida taʼkidlandi.

Prezidentning 2018-yil 15-avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish boʻyicha qator muhim vazifalar yuklatilgan edi.

Majlisda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining axboroti tinglandi. Joriy yilda hududdagi mahallalar obodligini taʼminlash, koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, 48 mahallada 1 ming 150 koʻp qavatli uy-joylar mavjud boʻlib, ularga 354 shirkat, 27 boshqaruv servis kompaniyalari xizmat koʻrsatadi. Shu kunga qadar, hududdagi koʻp qavatli uylarning tom qismini mukammal taʼmirlash 57 foizga, yoʻlaklar 40 foiz va yertoʻlalarni taʼmirlash esa 33 foizga bajarilgan.

Tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik 37,2 foizni tashkil etib, bu jarayon 4 ta sektor kesimida qoniqarsiz bajarilgan. Soha xodimlarining oʻrganishlari davomida Tirsakobod, Xirmontepa, Shuhrat va Sharq kabi mahallalarda avariya holatidagi koʻp qavatli uy va hovlilar borligi aniqlandi. Ushbu muammoga tez fursatda chora koʻrish lozimligi boʻyicha masʼul xodimlarga topshiriqlar berildi.

Tadbirda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va shu asosda aholi turmush farovonligini oshirish masalalari muhokama etildi. Ayni paytda hududda 4 ming 412 korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda 714 milliard soʻmlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, shundan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdori 96,3 million dollarni tashkil etadi. Umumiy maydoni 7,9 gektar boʻlgan Chilonzor kichik sanoat zonasida 28 korxona tender asosida joylashtirilgan. Ular tomonidan toʻqimachilik, trikotaj, poyabzal, polietilen quvurlar, bolalar oʻyinchoqlari va yana koʻplab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Majlisda mahalla raislariga toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning tartibli oʻtkazilishini taʼminlash borasida topshiriqlar berildi. Tumanni kompleks rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni taʼminlash choralari toʻgʻrisida qoʻshma qaror qabul qilindi.

Abdulaziz Musayev, OʻzA