O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Hajga yigʻilgan pullar firibgarning qoʻliga tushdi

Hajga yigʻilgan pullar firibgarning qoʻliga tushdi

Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida yashovchi Alijon aka Qurbonov (ismi familiyasi oʻzgartirilgan) uzoq yillar oʻqituvchilik qilib nafaqaga chiqdi. U turmush oʻrtogʻi bilan pul yigʻib, haj ziyoratiga borishni niyat qildi. Afsuski, ular qarigan chogʻida firibgarning tuzogʻiga ilinganini oʻzlari ham bilmay qolishdi.

Gap shundaki, margʻilonlik Adham Moʻminov sherigi (jinoyat ishining qismi alohida ish yurituviga ajratilgan) bilan oldindan til biriktirib, ularni “hajga joʻnatamiz” deb chuv tushirdi. Ular 2016-yil dekabr oyida A.Qurbonovni turmush oʻrtogʻi bilan birga haj safariga bormoqchiligidan xabar topib, Fargʻona shahri Qirguli mavzesida uchrashadi. Alijon akani ishonchiga kirib unga nafaqa yoshidagi shaxslar uchun alohida ajratiladigan kvota asosida 2017-yil mavsumida haj safariga yuborishini aytib, tuzogʻiga ilintiradi. Fargʻona shahrining turli joylarida haj sarf-harajatlari uchun qonuniy toʻlov deb, uning jami 10 ming 300 AQSH dollari miqdordagi pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Yaxshi niyat bilan yigʻilgan pullar firibgarlarning qoʻliga oʻtdi. Ammo vaqt oʻtsa hamki hajga borish borasida hech qanday yangilik boʻlmadi. Alijon aka Adhamga bir necha bor telefon qildi, uchrashdi. Firibgar esa bahona qilishdan nari oʻtmadi. 2018-yilgi haj ziyorati uchun navbatga yozdirib qoʻyganligini aytib, yana aldaydi. Oʻsha yili ham ular hajga borisha olmadi. Sakson yoshni qarshilayotgan otaxonni A. Moʻminov har safar koʻnglini koʻtarib, qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirardi. Albatta, sabrning ham chegarasi bor. Hech qanday natija boʻlmagach, firibgarlar ustidan ichki ishlar boʻlimiga ariza bilan murojaat qildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi tomonidan A. Moʻminovning jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Nafaqadagi sudlanuvchi sud jarayonida yuqori idorada ishlagan, hozirda qidiruv eʼlon qilingan tanishi A.N.ga qoʻngʻiroq qilib, haj safariga ikki dona imtiyozli joy boʻlsa yordam berishini iltimos qilgani, pullarni unga berganligi hamda oʻrtada vositachi boʻlib qolganligi kabi vajlarni keltirdi. Guvohlar va dalillar uning qilmishini fosh etdi. Sud tomonidan unga nisbatan tegishli jazo qoʻllanilib, jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.

2 612
M. Sulaymonov, OʻzA