Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.01.2018 14:19 Chop etish versiyasi

Hajga chaqirilgan mehmon boradi

Umri davomida bir marta umraga, bir marta hajga borib, muqaddas makonlarda bo‘lib, Madinai munavvarada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ravzai shariflarini ziyorat qilish, Masjidun Nabaviyda boshini sajdaga qo‘yish, Makkai mukarramani ziyorat qilib Rabbimiz farz qilgan haj amallarini bajarib, Islomning beshinchi arkonini ham ado etish har bir musulmon va muslimaning orzusi. Mehribon Parvardigorimiz barchamizni shunday farahli kunlarga yetkazsin.

Ammo vaqti-vaqti bilan hajga borish sharoitlari turli sabablarga ko‘ra o‘zgarib turadi, bu tabiiy hol, albatta. Aytaylik, Masjidul Haromda kapital ta’mirlash ishlari bajarilsa yoki Saudiya davlati siyosatida haj bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lsa, bu holatlar butun dunyo musulmonlarining haj safariga ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, aksar aholisi musulmon bo‘lgan mamlakatlarda ham o‘zlarining davlatidagi ichki vaziyatni, aholining talab va istaklarini inobatga olib fatvolar chiqariladi. Ushbu fatvolar haj safariga boruvchilarga qulaylik yaratish, ularning xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan kelib chiqib qabul qilinadi.

Dekabr oyining boshida O‘zbekiston musulmonlari idorasining ham Haj haqidagi fatvosi e’lon qilindi. Ushbu fatvoning mazmun-mohiyatini yanada yaxshiroq anglab olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlariga bir necha savol bilan murojaat qildik.

– Muhtaram Shayx hazratlari, suhbatimizni haj safari kimlarga farz bo‘lishi va Fatvoda ushbu masala qanchalik ifoda etilganidan boshlasak.


– Hajga borishni orzu qilish mo‘min bandaning eng go‘zal tuyg‘ularidan biri. Rabbimiz qaysiki mo‘min yurtdoshimizning qalbiga ana shu orzuni solgan ekan, uni qutlash kerak. Biroq hajga borish faqat orzu-havasning o‘zi bilan bitadigan ish emas. Hatto bir odam tug‘ilganidan umrining so‘ngiga qadar hajga borishni orzu qilsa ham unga haj farz bo‘lmasligi mumkin. Avvalo, hajga borishni niyat qilgan odam sog‘lom va tetik bo‘lmog‘i kerak. Chunki haj nihoyatda mashaqqatli ibodat, undan keyin uning moddiy sharoiti yaxshi bo‘lmog‘i darkor. Hajga boruvchi talabgor o‘zining hajga borib-qaytib kelgunicha yetadigan qilib oilasining nafaqasini qilib qo‘ymasa, u haj safarida ekanida oilasida moddiy tanglik sezilib qolsa, uning haj ibodati ma’qul bo‘lmaydi. Shuningdek, hajga borish-kelish yo‘li ham bexatar bo‘lishi kerak. Bunda yo‘lovchi kesib o‘tadigan mamlakatlardagi siyosiy barqarorlik, ob-havoning mo‘tadilligi va boshqa omillar nazarda tutiladi.

Bizning yurtimizdan hajga boruvchilarga bu masalada unchalik qiyinchilik yo‘q. Chunki yo‘l bilan, yotish-turish joyi masalalari bilan shug‘ullanishni davlat o‘z zimmasiga olgan va ziyoratchilarimizning safardagi xavfsizligi ta’minlangan. Shu imkoniyatdan foydalanmasdan, besabrlik qilib o‘zboshimchalik bilan yo‘lga chiqib o‘z jonini xatarga qo‘yish nodonlik bo‘ladi.

Yana bir muhim masala, hajga halol mablag‘ bilan borish masalasiga nihoyatda e’tiborli bo‘lmoq lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey, insonlar Alloh taolo pok va faqat pokni qabul qiladi. Alloh taolo rasullarga buyurgan narsani mo‘minlarga ham buyurib: “Ey Payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta bilguvchiman” (Mo‘minun, 51-oyat), dedi va yana: “Ey iymon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan yenglar” (Baqara, 172-oyat) dedi. So‘ng uzoq safar qilib, sochlari to‘zib, g‘ubor bosib osmonga ikki qo‘lini ko‘tarib: “Ey Rabbim, ey Rabbim” (degan) kishini zikr qildilar. Vaholangki, uning taomi ham, sharobi ham, kiyimi ham haromdir hamda harom bilan ovqatlantiradi. Bular bilan (uning qilgan duosi) qanday qilib ijobat bo‘lsin” dedilar” (Termiziy, Muslim rivoyati).

Bundan ayon bo‘ladiki, hajga halol mol bilan bormagan odamning sarflagan xarajatlari, issiqda tortgan mashaqqatlari, ketgan xiylagina vaqti besamardir. Faqat elning orasida “hoji” degan nomni olgani qoladi, xolos. Uning qanchalik hoji bo‘lgani esa Yaratganning huzurida hisobga olib qo‘yilgan bo‘ladi.

– Fatvoda hajga boruvchi talabgorlarning moddiy imkoniyati bilan birga, ularning ma’naviyati masalasiga ham e’tibor qaratish lozimligi aytilgan. Bu, ko‘pchilikning ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Negaki, hamma davlatmand odamlar ham xalqning hurmatini qozona olmaydi-da. Shuningdek, odamlar umri bino bo‘lib bir marta boshi sajdaga tegmagan kishilarning hoji bo‘lib kelib yana o‘sha noshar’iy ishlarini davom ettirib kelayotgani, ammo ismining ortiga “hoji” degan unvonni taqib olganiga guvoh bo‘lyapti...


– Haj – moddiy va ma’naviy ibodat. Hajga boruvchilarni ro‘yxatga olish masalasida axloqi go‘zal, ma’nan yetuk insonlarga e’tibor qaratish zarurligi muhim hodisa. Chunki insonlar hojilarga boshqacha ko‘z bilan qaraydi: ulardan o‘zlariga ibrat bo‘ladigan fazilatlarni qidiradi. Agar o‘sha xislatlarni ko‘rmasa, ulardan ranjiydi va hojilik ham oson bo‘lib qolibdi, puli bor odam borib kelaverar ekan-da, deya hafsalasi pir bo‘ladi. Ana shu sabab bo‘lib boshqa hojilarning ham el orasidagi obro‘si tushib ketadi.

Fatvoda avvalgi to‘rt arkonini o‘z vaqtida bajarib kelayotgan, taqvosi, go‘zal axloqi bilan elga o‘rnak bo‘lib hayot kechirayotgan insonlarning ro‘yxatga kiritilishi aytilgani – shariatimiz talabidir. Zero, haj o‘zidan oldingi to‘rtta ibodatning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Hajga borib kelgan kishi hajning sharafini himoya qilmog‘i kerak. O‘sha muqaddas joylarga qadami yetish nasib qilgan yurtdoshlarimiz, o‘ylaymanki, “O‘tkan kunlar” romanidagi Yusufbek hojini ko‘z oldiga keltirsa, u odamning el-yurt ozodligi, Vatan mustaqilligi yo‘lida qanchalik fidokorlik qilganidan ibrat olsalar ham xato qilmaydi.

– Davralarda ba’zilarning bir necha marta hajga borib kelganini eshitib qolamiz. O‘sha “hoji”larni uchratganda beixtiyor kishining xayoliga qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz yillab navbat kutar ekan, ularning navbatim kelguncha umrim vafo qilarmikan, degan xavotirda yurgani keladi. O‘zi haj bir marta farz ekan, keyingilarining hukmi nima bo‘ladi?

– Hajga bir marta borish farz, qolganlari nafl ibodatdir. Bir marta hajga borib, farz ibodatini bajarib kelgan hojilar navbatini o‘zidan keyingi kishilarga bergani ma’qul. Negaki, bu yerda ikki mo‘min farz va nafl ibodatini qarshilashayapti. Agar haj nafl bo‘lib turgan kishi haj farz bo‘lib turgan kishiga o‘z navbatini bersa, ana shuning o‘zidan ham katta savob oladi. Chunki u bir farz ibodatga yo‘l ochgan hisoblanadi.

Yana bir jihati musulmonlar bir-biriga ko‘makdosh bo‘lib, biri ikkinchisini qo‘llab bormog‘i darkor. Ana shunda jamiyatimizda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmaydi. Agar ikki musulmon qo‘shnining biri o‘ta boy bo‘lsa, ikkinchisi o‘ta kambag‘al bo‘lsa, bilingki, ularning iymonida nuqsoni bor.

Bordi-yu, hajga oldin borib kelgan kishi keyingi hajga atagan mablag‘larini beva-bechoralarga ehson qilsa, saxovatli insonlar safidan joy oladi. Alloh taolo saxiylarning mukofotini tayin qilib: “Mollarini Alloh yo‘lida (ya’ni yaxshilik uchun) sarflab, so‘ngra bergan narsalarini minnat va ozorni ergashtirmaydigan zotlar uchun Parvardigor huzurida ulug‘ ajr (mukofot) bordir. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin bo‘lmaydilar” (Baqara surasi, 262-oyat), deb qo‘ygan.

– Fatvoda yosh masalasiga e’tibor qaratilgani ham ko‘pchilikning ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Xalqimizning tarbiyasi shundayki, ko‘chada yosh va keksa kishi duch kelib qolsa, yosh yo‘l berib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yguncha, yoshi ulug‘ning o‘tib ketishini poylab unga hurmat ko‘rsatib turadi. Demak, bunda millatimiz fazilati e’tiborga olinibdi deb o‘ylashimiz mumkin, shunday emasmi?

– Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qaysi yosh kishi keksani ikrom qilsa, u yosh kishiga Alloh taolo keksaning yoshiga yetganida uni ikrom qiladigan kishini taqdir qiladi”, deganlar (Termiziy rivoyati).

Binobarin, o‘zidan kattalarga joy berish, yoshi ulug‘larning yo‘lini kesib o‘tmaslik – millatimiz tabiatiga xos diniy xususiyatimiz. Allohga shukrki, hajga borishni istovchilar soni yildan yilga oshib borayotir. Bu yurtimizning farovonligidan, odamlarimizning turmush sharoiti yaxshilanib borayotganidan darak beradi.

Shu o‘rinda kichkina muammo ham chiqadi, hammaning birato‘la borishining imkoni yo‘q. Bir qismi keyingi yilga qolishi kerak. Ana shunda yoshlarimiz yoshi ulug‘ nuroniy otaxonu onaxonlarimizga o‘zlarining o‘rnini bo‘shatib bersa, bu bilan katta savob ish qilgan bo‘ladi. Ularning o‘zlari hajga kelgusi yillarda ham boraveradi, Yoshi ulug‘ kishilarda bu imkoniyat kamroq bo‘ladi.

Anas roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Abu Bakr roziyallohu anhu Makka fath qilingan kuni otasi Abu Quhofani ko‘tarib keldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qo‘ydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhuga: “Qariyani uylarida qoldirganingizda uni oldiga o‘zimiz borardik”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Hajga navbati kelishini sabrsizlik bilan kutayotgan yoshlarimiz Payg‘ambar alayhissalomning keksa kishiga ko‘rsatgan ana shu hurmatidan ibrat olsalar, bu bilan yana bir sunnat amalni ham bajargan bo‘ladilar.

– Hajga borishni istagan odam avvalo Haj amallari haqida to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘lishi, shuningdek, hajning barcha arkonlarini yod olgan bo‘lishi lozim. Shunday emasmi?


– Hajga borishni istovchi kishilar haj ibodati to‘g‘risida yaxshi ma’lumotga ega bo‘lmog‘i kerak. Buning uchun yurtimizda hamma sharoit mavjud: ko‘rgazmali qurollar, haj va umra amallariga bag‘ishlangan maxsus kitoblar, video va audiotasvirlar... Modomiki, hajga borishga muhabbat qo‘yibdimi odam bu ibodatni ham o‘rgansin. Haj Makka-yu Madinaga sayohat emas, chinakam ibodat.

– Hoji bo‘lib kelgan yurtdoshlarimizning mahalla-ko‘yda faol bo‘lishi lozimligi ham Fatvoda ko‘rsatilibdi. Bu band ham bevosita Islom ta’limoti bilan bog‘liq hodisa, Zotan, namoz o‘qigan, zakot bergan, ro‘za tutgan kishilar o‘z-o‘zidan boshqalarga ibrat bo‘ladi. Odamlar ulardan maslahat so‘raydi, shunday emasmi?

– Hajga borib kelgan yurtdoshlarimiz, oldinroq aytib o‘tganimizdek, “hoji” degan nomga munosib bo‘lib o‘zlarining xulq-atvori, muomalasi va boshqa xususiyatlari bilan barchada yaxshi taassurot qoldirmog‘i lozim. Ayniqsa, ular mahalla-ko‘y ishlarida faol bo‘lib, yoshlar tarbiyasida, adashib noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan insonlar bilan tushuntirish ishlarini olib borishi, ma’naviyat-ma’rifat tarqatishda samarali ishlarni qilmog‘i darkor. Zero, bir gapni oddiy inson aytgani bilan hojining aytgani ikki xil ta’sir ko‘rsatadi.

O‘yinqaroq, bevoshroq yoshlarga pandu nasihatlar qilib, ularni huquqbuzarliklardan qaytarish borasida ham hojilarning o‘rni bo‘lakcha bo‘ladi. Shuningdek, notinch oilalar, o‘zaro murosa qila olmayotgan er-xotinning orasini isloh qilishda ham hojilar o‘rnak ko‘rsatmog‘i kerak. Zero, mo‘min-musulmonlarning orasini isloh qilib, ularni yarashtirib qo‘yish ham ibodatning davomidir.

Damin Jumaqul suhbatlashdi.

O‘zA
1 744