Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.01.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Haj va umra sayohat emas, ulug‘ ibodatdir

Abdulloh Hamdamov 1938-yil Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi Dehqonto‘da qishlog‘ida tavallud topgan. Ilk diniy saboqni padari buzrukvori Hamdamjon otadan olgan. 1963-yil Mir Arab madrasasiga o‘qishga kiradi. 1971-yil madrasani tamomlagach, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “To‘ytepa” jome masjidida imomlik faoliyatini boshlaydi. Bir yildan so‘ng Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidiga ishga o‘tadi. U ushbu masjidda qariyb qirq yil sidqidildan xizmat qilgan. Shuningdek, imom-xatiblikdan uzilmagan holda 1975-1980 yillarda Toshkent temir yo‘l vokzalida temiryo‘lchi, 1980-1990-yillarda Geologiya malaka oshirish markazida xizmatchi bo‘lib ishlagan.

Faxriy imom Abdulloh domla Hamdamovdan Islom dinining beshinchi rukni bo‘lgan haj ibodatini ado etuvchilarning odob va xulqlari haqida so‘zlab berishni iltimos qildik:

– Haj amalini mukammal ado etish uchun nafaqat moddiy imkoniyatga ega bo‘lish, balki unga jismoniy, ruhiy va ma’naviy tayyorgarlik ko‘rish ham zarurdir. Avvalo, haj ibodatini ado etishga hozirlik ko‘ruvchining niyati xolis, Alloh taoloning roziligi bo‘lishi kerak. Binobarin, bu safarga tijorat yoki sayohat uchun emas, balki zimmadagi farzni ado etish, gunohlardan poklanib kelish uchun boriladi. Dunyo va uning ziynatlarini, riyokorlik, faxrlanish kabi narsalarni zinhor xayoliga keltirmaslik talab etiladi. Zero, Alloh taolo buyuradi: «Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!» (Baqara surasi, 196-oyat).

Hajga otlanuvchi go‘zal odob bilan xulqlanishi, qalbini gunohlardan tozalashi zarur. Buning uchun sodir etgan gunohlariga astoydil nadomatda bo‘lib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Kimni ranjitgan yoki ko‘nglini og‘ritgan bo‘lsa, uzr so‘rasin. Ota-ona hayot bo‘lsa, ularning roziligini, duolarini olsin.

Shuningdek, uydan chiqishidan avval hadisda aytilganidek: “Sizlarni Unga topshirilgan omonatlar zoye bo‘lmaydigan Zot Allohga omonat topshirdim” (Imom Ibn Moja rivoyati) duosini o‘qisin.

Hajda behuda ishlar bilan ovora bo‘lib, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib, ibodatlardan, zikrlardan, ayniqsa, namozga e’tiborsizlik qilmasin. Alloh taoloning zikrida bo‘lsin, istig‘forni ko‘paytirsin, Qur’oni karimni ko‘p tilovat qilsin. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) hajda bir kishini ko‘rib: “Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?”, dedilar. Haligi kishi tasdiq javobini berganida, unga Hazrat Umar (roziyallohu anhu): “Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!”, degan ekan.

Afsuski, ba’zan hojilik nomini olish, tijorat, obro‘-e’tiborga erishish, riyo yoki manmanlik maqsadida yoki ulug‘ ibodatni sayohat deb hajga borayotganlar ham uchrab turadi. Bunday niyatda qilingan hajning savobi bo‘lmaydi. Balki ketkazgan vaqti behuda, sarflagan mablag‘i foydasiz ketgan bo‘ladi. Kelganidan keyin yana o‘sha avvalgi yomon xulqida qolaveradi. Bu haqda sahobalar: “Yo Rasululloh, hajni qabul bo‘lganini qayerdan bilamiz?”, deb so‘radilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hajga borib kelgan kishi kelganidan keyin oldingi gunoh ishlarini takrorlamasa, yaxshi tomonga o‘zgarsa, haj ibodati qabul bo‘lganining belgisidir”, dedilar.

Yuqoridagi kabi muqaddas haj ibodatini orzu-havasga aylantirayotganlarning uchrab turishi va bunday holatlarning oldini olish, haj arkonlarining shariatda belgilangan shartlarini bayon etish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Haj haqida”gi fatvo chiqarildi. Mazkur fatvoda hojilarning halollik va poklikda, go‘zal axloq-odobda, savob ishlarda namuna bo‘lishlariga oid ko‘rsatmalar qayd etilgan.

Bu ko‘rsatmalar hajga boruvchi fuqarolarimiz uchun juda muhimdir. Binobarin, ushbu tavsiyalar dinimiz talablari, xalqimizning asrlar osha shakllangan milliy qadriyatlariga asoslanadi. Alloh taolo barchamizni mabrur hajlarga nasib qilsin!

Davron Nurmuhammad
yozib oldi.

O‘zA
10 911