O‘zA O`zbek

13.08.2018 21:34 Chop etish versiyasi

Gurvak – Xorazm qovunchiligi ramzi

Gurvak – Xorazm qovunchiligi ramzi Qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida o‘tkazilgan qovun sayli ana shunday nomlandi.

Sayilda viloyatning poliz mahsulotlari va meva yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan tabiat ne’matlarini namoyish etdi. Unga mamlakatimiz va xorijik sayyohlik firmalari vakillari hamda chet ellik mehmonlar taklif etildi.

Yurtimizda azaldan tilimi tilni yoradigan, og‘izda erib ketadigan qovunlar yetishtirib kelingan. Hatto qishda ham bozorlarimizda tilimlab qovun sotilgan. Arxeologik tadqiqotlar chog‘ida Xorazm zaminidan topilgan milodning III asriga oid madaniy qovun urug‘lari ajdodlarimiz eramizdan avval ham qovunchilikbilanshug‘ullanganidan dalolat beradi. Xorazmda polizchilar qadimdan sharafli kasb egalari hisoblanib, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatilgan. Ular yetishtirgan shirindan-shakar qovunlar ichida eng mashhuri Gurvak qovunidir.

– Qovun yetishtirish borasida ko‘p asrlik tajribalarni qo‘llash bilan birga, zamonaviy agrotexnologiyalardan ham keng foydalanmoqdamiz, – deydi Urganch tumanidagi “Davlat-Rahmatulla” fermer xo‘jaligi rahbari Ozod Rahmatullayev. – Ushbu ko‘rgazmaga dalamizda yetishtirilgan “Shirin pechak”, “Bo‘rikalla”, “Gurvak”, “Qari qiz”, “Ko‘kcha”, “Ko‘k gurvak” kabi 12 turdagi qovun bilan ishtirok etmoqdamiz. Ko‘p yillardan buyon qovun turlarini chatishtirish orqali uning yangi navlarini yaratib kelamiz. Mana, bir necha yildan buyon qovunni muzlatib, muzqaymoq ko‘rinishida xorijga eksport qilmoqdamiz. Sayilda qovunlarimizni tatib ko‘rgan xorijliklar ularning ta’miga juda yuqori baho berishdi.

Qovun sayli doirasida “Shirin qovun” tanlovi o‘tkazildi. Unda mirishkor dehqonlar qatnashib, mazkur sohadagi bilimi, urug‘ tanlash, qovun kesish, qoqi qilish mahorati, uni qish mavsumida saqlash tartib-qoidalari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Urganch tumani dehqonlari birinchi o‘rinni egalladi. Hazorasplik poliz ustalari ikkinchi, gurlanlik fermerlar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, tanlovda qovunchilikni rivojlantirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari, ilg‘or agrotexnik tadbirlarni sohaga joriy etish, eksport salohiyatini oshirish, qovunning yo‘qolib borayotgan navlarini qayta tiklash, yangilarini ekib ko‘paytirish ustida ish olib borayotgan usta dehqonlar ham diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Qovun sayli munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov so‘zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
3 489