O‘zA O`zbek

02.08.2018 14:34 Chop etish versiyasi

Gulshoda Jo‘rayeva nega shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi?

Gulshoda Jo‘rayeva nega shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi?
Kuni kecha Toshloq tumani Quyi Yakkatut mahallasida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan Gulshoda Jo‘rayeva shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi tashkil etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, “Ona va bola” xonasida barcha sharoit yaratilgan. Nizoli vaziyatlar, jumladan, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni o‘z vaqtida aniqlash, bartaraf etish va oldini olish maqsadida markazda tumandagi tegishli idora va tashkilotlar rahbarlarining qabul qilish jadvali ishlab chiqildi. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasida fuqarolar bilan o‘zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, qo‘shimcha ko‘maklashish mumkin bo‘lgan tashkilotlar to‘g‘risida maslahat berish hamda axborot taqdim etishga mo‘ljallangan “Ishonch telefoni” yo‘lga qo‘yildi.

24 yoshli Gulshoda Jo‘rayeva boshidan ko‘p qiyinchiliklarni kechirgan. Ota-onasi o‘zaro kelishmovchilik sababli ajrashib ketgan. Onasi bir nafar o‘g‘lini turmush o‘rtog‘iga tashlab, qizi Gulshodani o‘zi bilan olib, Farg‘ona shahrida ijarada yashagan. Taqdirni qarangki, 2009-yilda ona vafot etadi. Shundan so‘ng G.Jo‘rayeva Farg‘ona shahrida bir o‘zi yashagan. 2015 yilda Oltiariq tumani Povulg‘on qishlog‘ida yashovchi Sayfiddin ismli shaxsga shar’iy nikoh orqali turmushga chiqib, 2017-yilda o‘g‘il farzandli bo‘ladi. Farzandini o‘z xohishiga ko‘ra bolalar uyiga topshirgan va joriy yilning mart oyidan boshlab Farg‘ona shahrida ijarada yashab, yollanma ish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. 2018 yil 16 iyul kuni viloyat IIB tomonidan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga olib kelingan.

Toshloq tumani xotin-qizlar qo‘mitasi G.Jo‘rayevaga tibbiy, psixologik, moddiy yordam ko‘rsatdi. Uning bandligini ta’minlash hamda yashash joy bilan bog‘liq muammolarni hal etish masalasi ham nazoratga olindi.

– Shunday kunlarda menga dalda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlagan insonlardan minnatdorman, – deydi Gulshoda. – Nachora, boshimda shunday sinovlar ham bor ekan. Yangi tashkil etilgan markaz yaqindan yordam bermoqda.

Ha, Gulshoda kabi og‘ir sharoitga tushib qolganlarga ko‘mak ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugun yanada keng quloch yoymoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA
3 471