Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 11:23 Chop etish versiyasi

Gulistonda tinchligimiz posbonlari kuni keng nishonlanmoqda

Gulistonda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va 14- yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri hamda “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida “Armiya va yoshlar” festivali o‘tkazildi.

Tadbir Guliston shahridagi Xotira maydonida barpo etilgan Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.

Guliston shahridagi Buyuk kelajak mahallasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yangilangan loyihalar asosida barpo etilgan 36 xonadonga mo‘ljallangan 3 qavatli ikkita uy kaliti topshirildi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan yangilangan loyihalar asosida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun barpo etilgan uylardan 3 xonalisi menga ham tantanali ravishda topshirildi, – deydi katta serjant Akrom G‘afforov. – Sarhadlarimiz mustahkamligi, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilish men uchun yuksak sharaf va ulkan faxr. Biz, harbiylar va oila a’zolarimiz uchun davlatimiz barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida yangi uyga ega bo‘lganimiz biz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Ana shunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimiz, Vatanimiz va xalqimiz uchun kerak bo‘lsa jonimizni ham fido qilishga tayyormiz.

Tadbir davomida viloyat markazida orkestr sadolari ostida saf tortib o‘tgan ofitser, serjant va askarlarning harbiy marshi va zamonaviy qurol-yarog‘, harbiy texnikalari namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bayram tadbiri Guliston shahridagi “Navro‘z” tantanalar majmuasida bir piyola choy ustida davom etdi, Vatan oldidagi burchini sidqidildan ado etayotgan bir guruh harbiylarga viloyat hokimligi hamda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Qayumov, O‘zA
7 449