O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:57 Chop etish versiyasi

Gulistonda birinchi marta 6 qavatli zamonaviy turar joy binosi qurilmoqda

Sirdaryo viloyati Guliston shahri yildan-yil chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

M-39 yo‘lidan shaharga olib kiruvchi g‘arbiy ko‘prikdan o‘tishingiz bilan yangidan barpo etilgan zamonaviy bozorga ko‘zingiz tushadi. Birinchi mavzedagi savdo maskanining shundoq yonida aholi uchun zamonaviy turar joy binosi qad rostlamoqda.

Guliston tarixida birinchi marta barpo etilayotgan 6 qavatli inshoot “Abdulaziz Yevro stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilayotir.

– 80 milliard so‘mlik loyiha qiymatiga ega ushbu inshoot tijorat bankidan olingan 15 yillik kredit mablag‘lari evaziga bunyod etilmoqda, – deydi jamiyat rahbari Shuhrat Ergashev. – Nafaqat Guliston shahri, umuman, Sirdaryo viloyatida bu inshoot balandligi, dizayni bo‘yicha ham yagonadir.

Odatiy ko‘p qavatli uylardan farq qiladigan yana bir jihati, buyurtmachining xohishiga ko‘ra belgilangan me’yordan chiqmagan holda qurilish jarayonida loyihaga ba’zi o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Boshqa uylardan yana bir farqi, aytaylik, 6-qavatda yashovchi buyurtmachining hovlichasida mo‘jazgina bog‘, favvora va kichik istirohat joyi bo‘ladi.

90 oilaga mo‘ljallangan ushbu uydagi xonadonlar 2, 3 va 4 xonadan iborat.

Qurilish materiallarining 90 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tegishli.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 308