O‘zA O`zbek

11.02.2019 17:55 Chop etish versiyasi

Greg Jentkovski: “MAGATE xavfsizlik talablari jahonning eng ilgʻor tajribalariga tayanadi”

Greg Jentkovski: “MAGATE xavfsizlik talablari jahonning eng ilgʻor tajribalariga tayanadi”

Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligi (MAGATE) missiyasi atomdan tinchlik maqsadlarida foydalanayotgan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Endi Oʻzbekiston ham ularning qatoriga qoʻshilmoqda.

Joriy yilning 4-6 fevral kunlari Toshkentda oʻtkazilgan seminarda MAGATE ekspertlariga boshchilik qilgan Yadroviy qurilmalar xavfsizligi boʻlimi direktori Greg Jentkovski bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

– MAGATEning Oʻzbekistondagi yangi yadro-energetik dasturni qoʻllab-quvvatlashdan maqsadi nima?

– Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligiga aʼzo davlatlarni qoʻllab-quvvatlashdan asosiy maqsadimiz atom energetikasini rivojlantirish dasturining xavfsiz va ishonchli boʻlishiga koʻmaklashishdir.

– AES qurilishi uchun maydon tanlashda MAGATE uchun nimalar asosiy mezon hisoblanadi? Oʻzbekistonning iqlim sharoitlari tufayli nimalarga eʼtibor qaratish zarur?

– Ayni chogʻda mamlakatingiz hududida AES qurish uchun maqbul keladigan maydonni tanlash masalasi turibdi. Bunda asosan xavfsizlik va uning atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish zarur. Shu bois, atrof-muhit va ekologik jihatlarni hisobga olish asosiy mezonlardan biri. Loyihaning xavfsiz boʻlishini taʼminlash ham yana bir muhim talab. Biroq Oʻzbekiston iqlimi ham oʻziga xosdir. Masalan, Kanadani olaylik, ushbu mamlakatning ob-havosi juda oʻzgaruvchan. Shunga qaramasdan, bu davlat hududida 20 reaktorga ega AESlar mavjud. Ishonchim komilki, reaktor konstruksiyasini Oʻzbekistonda prognoz qilinayotgan iqlim sharoitlariga mos ravishda tanlashimiz mumkin.

– AES qurilishi boʻyicha loyihani ishlab chiqishda Oʻzbekiston uchun nima muhim hisoblanadi?

– Oʻzbekiston uchun bu oʻrinda xorij mamlakatlarining ijobiy tajribasi umumlashgan xalqaro talablarga amal qilish muhimdir. Toʻgʻri, davlatingiz bu borada xalqaro talablarga amal qilishni rejalashtirmoqda, bu esa loyihangiz ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlaydi.

– AES qurilishi loyihasining har bir bosqichida rioya qilinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari nimaga asoslangan?

– AES qurilishida tashqi muhit taʼsiri, reaktorning dizayn parametrlarini toʻgʻri aniqlash favqulodda holatlarning oldini olishda muhim sanaladi. Shularga asosan MAGATEning xavfsizlik standartlari jahonning eng ilgʻor tajribalariga tayangan holda ishlab chiqilgan. Bu esa loyihani amalga oshirishda xavfsiz va mustahkam asosdir.

Shu maqsadda seminar davomida AES uchun maydon tanlashda eʼtiborli jihatlar borasidagi tajribamiz bilan oʻrtoqlashdik. Xalqaro amaliyot va tajribaga asoslangan xavfsizlikning yuqori darajasini ifodalovchi MAGATE xavfsizligi talablari boʻyicha maʼlumotlar berildi.

“Oʻzatom” agentligi matbuot xizmati

OʻzA
416