Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2017 13:18 Chop etish versiyasi

Grant tanlovida g‘olib bo‘lgan NNT va ommaviy axborot vositalariga sertifikatlar topshirildi

Andijonda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlashda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ijtimoiy hamkorligini yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish, ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ijtimoiy sheriklik samaradorligini tubdan yuksaltirishda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini yanada mustahkamlash, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi faoliyatini takomillashtirish, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi grant tanlovlarida viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

– Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga subsidiya, davlat granti ko‘rinishida moliyaviy ko‘mak berish ko‘lami va hajmi yildan-yilga ortmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Parlament komissiyasi a’zosi To‘lqinjon Karimov. – Bu mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning faolligini yanada oshirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini ta’minlash, qolaversa, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni samarali amalga oshirishda davlat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faolligini, ijtimoiy hamkorligini kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

2017-yilda jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan grant tanlovida g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalariga sertifikatlar topshirildi. Navbatdagi grant tanlovida ishtirok etish, loyihalar tayyorlash va taqdim qilish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
935






Все о погоде - Pogoda.uz