O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

“Goʻzallik salonlari” va sartaroshxonalarga qoʻyilgan talablar qanday ?

“Goʻzallik salonlari” va sartaroshxonalarga qoʻyilgan talablar qanday ?
Karantin 

Ish yuzasidan koʻchaga chiqdim. Yoʻl-yoʻlakay “Goʻzallik saloni”ga kirdim. Xizmat koʻrsatuvchilar himoya kiyimi va niqobda. Kirishdan avval haroratimni oʻlchashdi. Qoʻllarimga qoʻlqop berishdi. Masofa saqlab turishimni tavsiya qilishdi. Bu kabi tartibli tashkil etilgan ishni koʻrib quvondim, albatta. Bu hammamizning salomatligimizni asrash uchun zarur ekanini yana bir bor his etdim.

Maʼlumki, bugungi kunda epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan hududlarda, barcha sanitariya-gigiyena talablariga amal qilgan holda, sartaroshxona va “Goʻzallik salonlar”i hamda yoʻnalishsiz taksilarning oʻz ish faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berilgan.

Xususan, “Goʻzallik salonlari” va sartaroshxonalarda ish boshlashdan avval koronavirusga qarshi rejimga muvofiq dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda umumiy tozalashni amalga oshirish mijozlarning salomatligi uchun muhimdir.

Ayni vaqtda faoliyat yuritishni boshlagan ana shu kabi xizmat koʻrsatish binolarining kirish qismiga teri antiseptiklari bilan ishlov beriladigan joylar, yaʼni tarkibida 70 foizli etil spirti boʻlgan yoki izopropil miqdori kamida 60 foizni tashkil qiluvchi dozatorlar oʻrnatilib, ishlar boshlangan. Ammo bu qatʼiy talab ekanligi, hushyorlikni yoʻqotmaslik kerakligi muhimdir.

Xizmat koʻrsatishda tashrif buyuruvchilar kamida 15 daqiqalik vaqt oraligʻini saqlashi kerak. Buning uchun oldindan buyurtmalar olishni yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Keluvchilarga alohida xonada yoki imkon qadar bir-birining orasi oynakli ekran bilan toʻsilgan oʻrindiqlarda xizmat koʻrsatish, ijtimoiy masofani taʼminlagan holda oʻrindiqlarni joylashtirish kerakligi belgilangan.

Ishchilar va tashrif buyuruvchilar doimiy boʻlgan xonalarni ish kuni davomida kamida 2-marta koʻchma bakteriotsid nurlantiruvchi lampalar yordamida dezinfeksiyalash, ishchilar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi lozim boʻladi.

Xizmat koʻrsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob, yuzni toʻliq toʻsadigan himoya oynasi va tibbiy qoʻlqopdan foydalangan holda “1 ta xizmat koʻrsatuvchi shaxs – 1 ta mijoz” tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashga ruxsat beriladi.

Har kuni ishdan keyin yuviladigan sochiqlar yoki bir marta ishlatiladigan sochiq va salfetkalardan foydalanish shart.

Har bir mijoz uchun xizmatni tugatganidan soʻng, dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda barcha yuzalar, yaʼni eshik tutqichlari, oʻchirgichlar, qoʻl tutqichlarni zararsizlantirish hamda virusli rejimga muvofiq har bir mijozdan keyin ishlatilgan uskunalarda zararsizlantirishni oʻtkazish qoidalariga amal qilish zarur.

1 646
B.MELIQULOVA, OʻzA