O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Giyohvandlikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlik kuchaytiriladi

Giyohvandlikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlik kuchaytiriladi

Toshkentda giyohvandlikdan insoniyatdan asrash yoʻlidagi keng qirrali xalqaro hamkorlik masalasi muhokama etiladi.

Oʻzbekistonga shu munosabat bilan Afgʻoniston, Ozarbayjon, Armaniston, Avstraliya, Bahrayn, Kanada, Misr, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Eron, Iroq, Yaponiya, Iordaniya, Qozogʻiston, Kuvayt, Qirgʻiziston, Livan, Ummon, Pokiston, Falastin, Qatar, Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH va Yaman vakillari tashrif buyurmoqda.

Ular ertaga Toshkentda ochilishi kutilayotgan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga bagʻishlangan yigʻilishda ishtirok etadi.

Mazkur yigʻilishda, shuningdek, 20 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ham qatnashishi kutilmoqda.

Insoniyatga vabo kabi chang solib kelayotgan giyohvandlik odamlarning jismu jonini mahv etish bilan birga geni buzilishiga ham sabab boʻlayotgan omillardandir. Chunki bu dardga mubtalo boʻlganlardan tugʻiladigan farzandlar aqlan va jismonan zaif, nogiron boʻlib dunyoga keladi.

Eng yomoni, mudhish jinoyatlar koʻp hollarda giyohvand moddalar taʼsiriga tushgan shaxslar tomonidan koʻproq sodir etilayotir. Giyohvandning qilayotgan ishini anglamasligi, qilmishining oqibatini oʻylashga hatto qodir emasligi tashvishli holdir.

Bunga barham berishning yagona yoʻli – giyohvandlikning oldini olish, narkotik moddalar savdosiga chek qoʻyishga qaratilgan amaliy ishlarni koʻpaytirishdir.

Shu maqsadda Oʻzbekistonda ilk marta tashkil etilayotgan quyi komissiya yigʻilishida sub-komissiyaga aʼzo davlatlardan kelgan vakillar mintaqaviy va submintaqaviy hamkorlik natijalari bilan birga kelgusida qilinishi zarur boʻlgan masalalarni muhokama qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan keng formatli yigʻilishda toʻrt masala eʼtibor markazida boʻladi.

Jumladan, giyohvandlikka qarshi kurashishda tezkor maʼlumot almashishni yanada rivojlantirishga ahamiyat beriladi. Chunki mintaqaviy hamkorlik platformalarining rolisiz narkotik moddalar aylanishiga chek qoʻyish mushkul.

Sintetik opioidlar va sintetik kannabinoidlarning noqonuniy savdosi va unga qarshi kurash choralarini kuchaytirish boʻyicha yangi uslublarni yaratish va amalda joriy etish boʻyicha fikr almashiladi. Chunki, narkotik moddalar bugungi kunda boshqa nom va boshqa koʻrinish olib, taʼsir doirasi oʻsib bormoqda.

Opiat moddalar ishlab chiqarish oʻchoqlariga barham berish, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga eʼtibor qaratiladi.

Giyohvand moddalarni isteʼmol qilishning oldini olish, ayniqsa, bolalar va yoshlarni buning oqibatlaridan ogoh etishga oid targʻibot tadbirlarini samaradorligini oshirishda taʼsirchan uslublarni kuchaytirish zarur.

Ushbu mavzular yigʻilish ishtirokchilari tomonidan ishchi guruhlarga boʻlingan holda batafsil koʻrib chiqiladi.

4 084
N.Abduraimova, OʻzA