Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2018 13:08 Chop etish versiyasi

Giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanayotgan fermer “faoliyati”ga chek qo‘yildi

Giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanayotgan fermer “faoliyati”ga chek qo‘yildi

Joriy yilning 19-iyulida Xorazm viloyati IIB va Hazorasp tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir natijasida Hazorasp tumanida yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan Mirxoldor Rayimov (materialda keltirilgan ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2,35 gramm geroin giyohvandlik vositasini 700 ming so‘mga sotayotganida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng uning yoni ko‘zdan kechirilganida 4,4 gramm yana shunday giyohvand modda borligi aniqlandi. Giyohfurush uni ham kelgusida sotish maqsadini ko‘zlab cho‘ntagida saqlab yurgani ma’lum bo‘ldi.

Oilali, to‘rt nafar farzandning otasi, oliy ma’lumotli Mirxoldor Rayimov bu ishi qonunga xilof ekanligini bilmasmidi? Bu savolni o‘rtaga tashlashning o‘zi o‘rinsiz albatta. Bilib jinoyatga qo‘l urish – qing‘ir ishni qasddan sodir etish demak.

Rayimov ayni damda fermer xo‘jaligi rahbari sifatida faoliyat olib boradi. Bu harakat chorasizlik, bekorchilik yoki pulsizlikdan qilinmadi. Buni to‘qlikka sho‘xlik yoki oson pul topishga urinish, deb atash mumkin. Qing‘ir yo‘lni tutgan fermer qishloqdoshlari orasida ham o‘ziga bo‘lgan hurmatini yo‘qotdi.

Hazorasp tuman IIB tergov bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, M. Rayimovning o‘zi tibbiy ekspertizadan o‘tkazilganda uning qon tahlillarida giyohvand modda borligi aniqlangan. Bu esa uning o‘zi ham giyohvand ekanligidan dalolat beradi.

To‘kis oilaning rahbari, kasb-korga ega bir insonning bu yo‘lga qanday kirib qolgani kishini o‘yga toldiradi. Bu vaziyatga nisbatan befarqlik davom etganida, holatning oldi olinmaganida yana nimalar bo‘lishi mumkin edi?

Mazkur holat yuzasidan bugungi kunda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
2 509