O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Gidroksixloroxinning bemorlarga tavsiya qilinishidan kim manfaatdor?

Gidroksixloroxinning bemorlarga tavsiya qilinishidan kim manfaatdor?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzolari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Laziz Toʻychiyev gidroksixloroxin tabletkasi nega bemorlarga tavsiya etilayotgani haqida maʼlumot berdi.

– Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Turkiyaning sogʻliqni saqlash vaziri bilan muzokara oʻtkazdi. Kelishuvga koʻra, Turkiya sogʻliqni saqlash vazirining hisoboti bizga taqdim etildi. Bundan tashqari, gumanitar yordam sifatida bir nechta dori vositalarini Oʻzbekistonga begʻaraz yetkazib berishga kelishib olindi. Shu jumladan, gidroksixloroxin preparatini ham mamlakatimizga yuborilishi boʻyicha kelishildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta dori vositalariga juda koʻp urgʻu berilmoqda. Turkiya davlatida sogʻliqni saqlash tizimi yaxshi rivojlangan. Shu nuqtayi nazardan ularning tavsiyalariga eʼtibor qaratamiz. Turklarning tavsiyalariga koʻra, bemorlarga ambulator holatda gidroksixloroxin berilmoqda. Shifoxonalarda ham bu tabletkadan keng foydalanilgan. Shu bilan birga, pnevmoniya holatlarida ham mazkur tabletka tavsiya etilmoqda va bu oʻzining samarasini bermoqda. Bugungi kunda Turkiya tanlab olgan davolash siyosati oʻzini mutlaqo oqlamoqda. Ularda kasallanish holati keskin kamaygan.

AQSH veb-saytidan olingan maʼlumotga ahamiyat beradigan boʻlsak, Kosta-rika, Janubiy Koreya, Isroil, Chili, Turkiya va Rossiya Federatsiyasida koronavirusni davolashda gidroksixloroxin qoʻllanilmoqda. Belgiya, Fransiya, Italiya, Angliyada bu dori vositasi qoʻllanilmayapti, shuning uchun ularda oʻlim koʻrsatgichi ancha yuqori.

JSST tavsiyalariga juda katta urgʻu berilmoqda. Oxirgi maʼlumotlardan birida “koronavirusni davolashda gidroksixloroxindan shifokor nazoratida ishlatilishi tavsiya etiladi”, degan tavsiya berilgan. Bunga asosan biz koronavirus infeksiyasini davolash boʻyicha oltinchi qoʻllanmani ishlab chiqdik.

Bu preparat nafaqat oʻpkaning immunitetini, balki qon tomirlari, biriktiruvchi toʻqimalarni ham mustahkamlaydi, natijada koronavirusga yoʻl bermaydi. Koronavirusning yengil formasida bu preparatni, albatta, qabul qilish kerak.

Bu preparat toʻgʻrisida koʻplab munosabatlar bildirilmoqda. Oʻz oʻzimizga savol berishimiz kerak, bundan manfaatdor kim? Hozirgi kungacha ishlatilgan ushbu preparat va uni analoglari Hindiston, Polsha yoki kelajakda Turkiyadan keladigan boʻlsa, bu toʻliq gumanitar yordam hisoblanadi. Bu yerda hech qanaqa biror bir moliyaviy manfaat yoʻq. Bu bemorlar ahvolini yaxshilashga, yaʼni koronavirusning yengil holati ogʻirlashmasligi uchun ushbu dori vositalari taqdim etilmoqda. Demak, bundan manfaatdor bemordir. Oldimizga manfaatdor bemor – manfaatdor fuqaro, degan maqsad qoʻyib oltinchi qoʻllanmani tayyorladik.

2 259
OʻzA