O‘zA O`zbek

12.07.2019 13:57 Chop etish versiyasi

Geologiya va mineral-xomashyo bazani rivojlantirish uchun sohaga zamonaviy texnologiyalar jalb qilinishi lozim

Geologiya va mineral-xomashyo bazani rivojlantirish uchun sohaga zamonaviy texnologiyalar jalb qilinishi lozim


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida yer osti boyliklari umummilliy boylik hisoblanib, ular jamiyatimizning iqtisodiy negizlaridan biridir.

Xususan, bugungi kunda respublikamiz hududida 73 ta foydali qazilma turlari bo‘yicha 2086 ta kon mavjud bo‘lib, bulardan 437 tasi sanoatda o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur sohada Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek, konchilik munosabatlarini boshqarish borasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Hozirgi vaqtda sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar bazasining asosiy qismi yangilanib, bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya berish xizmatini elektron tarzda ko‘rsatish amaliyotiga o‘tish bo‘yicha ilk qadamlar tashlandi va natijada qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini litsenziyalash “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali o‘tkaziladigan tanlov yo‘li bilan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, sohani yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan Adliya vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan hamkorlikda geologiya va mineral-xomashyo bazani rivojlantirishni jadallashtirish yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Geologiya sohasi mohiyatan yer osti boyliklarini qidirish, ularni aniqlash, shuningdek mineral-xomashyo bazani shakllantirish, ushbu boyliklar hisobini yuritish va qazib olishdan iborat.

Jumladan, yer osti boyliklarini qidirish ishlarini qo‘mitaning “Qizilqumgeologiya” DK, “Samarqandgeologiya” DK, “Hisorgeologiya” DK, “Toshkentgeologiya” DK va “Urannodirmetallgeologiya” DKlari amalga oshirib kelmoqda.

Yer osti boyliklarini geologiya-qidirish jarayoni o‘ta mashaqqatli 
va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lib, hozirda mazkur jarayonni tartibga solishda foydalanilayotgan hujjatlar o‘tgan asrning 90-yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarini qo‘llash nazarda tutilmaganligi sababli, hozirgi zamon talablariga mos kelmay qolmoqda.

Oqibatda, yer qa’rini o‘rganish va geologik xaritalash ishlarining o‘rtacha muddati 3-5 yilni tashkil etishiga, mazkur ishlarni amalga oshirishda 4-5 ta geologlar doimiy izlanishlar olib borishiga olib kelmoqda.

Misol uchun, xorijiy davlatlar – Avstraliya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Turkiya tajribasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularda geologik qidiruv ishlarini olib borishda ilg‘or axborot-texnologiyalardan, jumladan Geobank mobile, Geobank, Micromine software, Pitram kabi axborot dasturlari va dala planshetlaridan foydalaniladi.

Bundan tashqari, geologik qidiruv ishlarida aniqlangan yer osti boyliklari zaxiralarini yuritishning joriy tartibi dunyoning 90 foiz mamlakatlari foydalanib kelayotgan Jork (Jors) tizimida olib borilmayotganligi oqibatida sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga sezilarli darajada to‘sqinlik qilmoqda.

Qayd etish joizki, mazkur masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 1 iyul kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, geologik qidiruv va qazib olishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ham tanqidga olingan hamda sohani rivojini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida tegishli topshiriqlar berilgan.

Shu bilan birga, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilishga soliq stavkalari, imzolanadigan bonus miqdorining yuqoriligi (eng kam oylik ish haqining 10 000 baravarigacha) ham salbiy ta’sir etmay qolmayapti.

Masalan, yurtimizda yer qa’ridan foydalanganda soliq stavkalari oltin va kumush uchun 25 foiz mis uchun 15 foiz, uran uchun 10 foiz, volfram uchun 10,4 foizni tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, dunyo bo‘yicha o‘rta hisobda yer qa’ridan foydalanganda oltin uchun 4,6 foiz, kumush uchun 4,2 foiz, mis uchun 4,5 foiz, uran uchun 
5 foiz, volfram uchun 2,4 foizni tashkil etadi xolos.

photo5276515912280812465.jpg

Shu bilan bir qatorda, o‘rganishlar davomida geologiya-qidiruv ishlari va yer osti boyliklarini qazib olishda tadbirkorlik sub’ektlariga ruxsatnoma-litsenziya berish jarayonida o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina ekanligini ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, sohada avtomatlashtirilgan elektron davlat xizmatlarining to‘liq joriy etilmaganligi oqibatida, tadbirkorlik sub’ektlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olish, ular tomonidan ruxsatnoma-litsenziya olish uchun berilgan arizalarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotganligi, konlar uchun yer uchastkalari asossiz ravishda mahalliy davlat hokimiyati tomonidan berilmayotganligi kabi ovoragarchiliklarga olib kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 15 aprelidan jismoniy va yuridik shaxslarga sochma oltin konlaridan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish uchun litsenziyalar rasmiylashtirib berilmoqda.

Bugungi kunda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirilgan 70 dan ortiq yer qa’ri uchastkalarining 42 tasi realizatsiya qilingan va litsenziyalar rasmiylashtirilgan. Biroq, o‘rganish yakunlangan kunga qadar ajratilgan yer qa’ri uchastkalarning birortasida qazib olish ishlari boshlanmagan.

O‘rganishlarda, shuningdek geologiya sohasida alohida o‘rin tutuvchi H.M. Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika instituti faoliyati ko‘rib chiqilganida, mazkur institutga yetarli e’tibor qaratilmayotganligi kuzatildi.

Xususan, institutning ma’muriy binosi 1968 yilda qurilgan bo‘lib, binoning 80 foiz eskirgan va talab darajasiga javob bermasligi, dala ishlarida ishlatiladigan maxsus texnika, geofizik va geologik uskunalarning 70 foizdan ortig‘i ma’nan va jismonan eskirganligi, shuningdek, laboratoriyada tahlil qilish uchun mavjud bo‘lgan elektron zond mikroanalizator, mass-spektrometr, mikroskop va boshqa jihozlarning 75 foiz o‘z xizmat vazifasini o‘tab bo‘lganligi achinarli holat.

Yuqorida qayd etilgan tizimli kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan geologiya sohasini yanada takomillashtirish, ushbu sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

- sohani tartibga soluvchi ichki hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, ularni yagona normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solish;

- geologiya-qidiruv ishlarini olib borish hujjatlarni xalqaro standartlar, shu jumladan, samaradorlikni oshirishga qaratilgan moslashuvchan tartiblarni joriy etish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish;

- yer qa’rini regional o‘rganish va geologik xaritalash ishlarini amalga oshirishda axborot dasturlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, moddiy-texnik baza va moliyalashtirishni yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash;

- strategik metallarning asosiy turlariga royalti va bir martalik to‘lovlar stavkalarini pasaytirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish;

- H.M. Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika instituti faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish;

- mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan kon joylashgan hududdagi yer uchastkasini ajratib berish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibini soddalashtirish va kon ajratmasi dalolatnomasini rasmiylashtirish jarayoni bilan uyg‘unlashtirish.

Adliya vazirligi 

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


O‘zA
469