Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.02.2018 15:47 Chop etish versiyasi

General-mayor Bahodir Qurbonov: Milliy armiya yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabi

General-mayor Bahodir Qurbonov: Milliy armiya yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabi Askarlik libosidagi yigitlarning saf tortib shaxdam qadam tashlayotganini kuzatganmisiz? Ularning dalil qadam tovushlaridagi shijoat zamirida vatanparvarlik mujassam.

Toshkent harbiy okrugining Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismida ana shunday manzarani kuzatib yurtimizning azamat yigitlari bor ekan, osoyishtaligimiz ishonchli qo‘llarda ekanini his etdim.

Maydonga saf tortib kirib kelgan askarlar mazkur harbiy qismda yigitlik burchini ado etib, haqiqiy Vatan himoyachilari bo‘lib yetishdi. Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq bunday yigitlar uylariga tantanali ravishda kuzatilmoqda.

52460d49-89e6-4740-b37d-22a07afede8c.jpg

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Toshkent harbiy okrugi Qo‘mondoni general-mayor Bahodir Qurbonov milliy armiya yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylanganini qayd etdi.

Tadbir davomida bir guruh askarlarga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda imtiyoz beradigan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi va Faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.

– Xayrlashish onlari hayajonli bo‘ldi, – deydi oddiy askar Muhriddin Xudoyqulov. – Bir yil davomida harbiy qism, ofitserlar, safdoshlar biz uchun qadron bo‘lib ketgandi. Bu yerda biz haqiqiy yigitlik maktabini o‘tab, har qanday vaziyatda yurtimizni himoya qilishga qodir askarga aylandik. Albatta, bu yerda olgan saboqlarimiz, matonat darslarida egallagan ko‘nikmalarimiz Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishda bizga asqotadi.

Tantanali tadbir yakunida shaxsiy tarkibning tantanali marshi, harbiy texnikalar namoyishi hamda harbiy xizmatchilardan tashkil topgan qo‘l jangi guruhining ko‘rgazmali chiqishlari davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilikda katta taassurot qoldirdi.

O‘zA
10 849