O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Gender tenglik – taraqqiyot belgisi

Gender tenglik – taraqqiyot belgisi

“Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “2020-2030 yillarda gender tenglikka erishish strategiyasi” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatda gender tenglik masalalari, xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha milliy qonun hujjatlari, xalqaro majburiyatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyaning ijtimoiy-siyosiy hayotda, iqtisodiyot, mehnat migratsiyasi, ta’lim masalalarida gender tenglik, zo‘ravonlik va odam savdosining oldini olish kabi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Seminar dasturiga turli sektorlarda xotin-qizlarning iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar kiritildi. Jumladan, ishtirokchilar mamlakatda gender tenglikni ta’minlashni davom ettirishdagi asosiy tahdidlar va istiqbollar haqida statistik ma’lumotlar keltirdi. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston hukumatining taraqqiyot maqsadlariga erishishga sodiqligidan darak beradi.

Xususan, 2016 yilgi BMTTD ma’ruzasida Inson kamoloti indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 185 ta mamlakat orasida 105-o‘rinni egalladi, bu esa mamlakatimiz inson kamoloti yuksak darajada bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy olganini anglatadi.

– Gender tenglik indeksida O‘zbekiston 188 mamlakat orasida 57-o‘rinni egallab turibdi, – dedi Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova. – Bu ko‘rsatkich mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi va iqtisodiy faolligi yuqori darajada ekani bilan izohlanadi. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida O‘zbekiston ta’lim va sog‘liqni saqlashda gender tenglikka yaqinlashmoqda. Bu jarayonda me’yoriy-huquqiy hujjatlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish choralari belgilab berilgan.

Tadbirda ta’kidlanganidek, gender tenglikni ta’minlash sohasida muhim vazifalar turibdi. Ularning amalga oshirilishi aniq milliy harakatlar rejalari va strategiyalar ishlab chiqish bilan uzviy bog‘liq. Shu munosabat bilan seminarda Milliy strategiya ishlab chiqishda vazirlik va idoralarning roli, uning formati va ustuvor yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqildi.

Seminar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida erkaklar va xotin-qizlar teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta’minlash bo‘yicha milliy harakatlar rejalari, strategiya va davlat dasturi loyihasini ishlab chiquvchi ishchi guruh faoliyati yuzasidan ham takliflar bildirildi.

1 664
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA