O‘zA O`zbek

01.08.2018 12:38 Chop etish versiyasi

Gavhar Zokirova Prezident bilan uchrashuvdagi bir holat sira yodidan chiqmasligini aytdi

Gavhar Zokirova Prezident bilan uchrashuvdagi bir holat sira yodidan chiqmasligini aytdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuviga ham bir yil bo‘ldi. Undagi bir holat sira yodimdan chiqmaydi...

Uchrashuvdagi muhim voqea. O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning ijodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlariga yoshlarni qabul qilishda test orqali qo‘liga qalam ushlashni bilmaganlar o‘qishga kirib, iste’dodlar ko‘chada qolayotgani haqidagi fikrini Prezidentimiz o‘sha yerning o‘zida hal etdi, men ham testga qarshiman, kerak emas, dedi. Natijada qobiliyat sohiblari test jarayonida emas, ijodiy imtihon orqali saralanmoqda.

Biz – katta avlod vakillari faqat ijodiy imtihonni bilardik. Ammo bir necha yildan buyon foydalanilgan test tizimi ko‘plab sohalarda kadrlar taqchilligini keltirib chiqardi. Nihoyat, bunday samarasiz yondashuvga chek qo‘yildi.

Teatr sohasida ham katta islohotlar bo‘ldi, homiylar biriktirildi. Xususan, bizning O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi ham turli davlatlarda bo‘lib, sahna asarlarini namoyish etib keldi. Avvallari bunday holat kamdan-kam bo‘lardi, boisi teatrning moddiy ahvoli buni ko‘tarmagan.

Bundan tashqari, boshqa davlatlar teatr ustalari teatrimizda pyesalarini namoyish eta boshladi. Qozog‘istonlik ijodkorlar ishtirokidagi Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Oq kema” asari premyerasi shular jumlasidandir.

Yosh rejissyorimiz Asqar Xolmo‘minov esa bu asarni Qashqadaryo teatrida sahnalashtirdi. O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov vohada bir oy yashab, Mo‘min chol obrazini o‘ynadi. Poytaxt va viloyat teatrlari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Aslida shuning o‘zi olamshumul yangilikdir.

Xizmat safari bilan viloyatlarda bo‘lamiz. Odamlar bilan suhbat chog‘ida ularning dunyoqarashi o‘zgarayotgani, hayotdan rozi bo‘lib yashayotganiga amin bo‘lyapmiz. Bunga shunchaki erishilmayapti, albatta. Buning zamirida Yurtboshimiz rahnamoligida olib borilayotgan xalqchil islohotlar bor. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir“ nomli O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek: “Inson qalbini, uning dard-u tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini betakror so‘z, ohang va ranglarda tarannum etishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz“.

Ayniqsa, ma’naviyatga, adabiyotga e’tibor qaratilib, yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom kamol topishi yo‘lida ko‘p ezgu ishlar qilinmoqda. Yaqinda bir kitob taqdimoti uchun viloyatga borganimizda, hokim yig‘ilgan 300-400 odamga bepul kitob tarqatdi. Qarang, qanday go‘zal holat?

Ishonamiz, elimizda adabiyot va san’at yanada gullab-yashnaydi. Bunday yurtga esa ko‘kdan doimo osoyishtalik, baxtu baraka inadi.

Gavhar Zokirova, 
O‘zbekiston xalq artisti

Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA
3 489