O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Garovdagi mulklarning xatlanishi qarzdorni “uyqudan uyg‘otdi“

Garovdagi mulklarning xatlanishi qarzdorni “uyqudan uyg‘otdi“

Farg‘onada sud qarori ijrosini ta’minlashni paysalga solib kelayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi tadbirkorlik sub’ekti o‘z xatosini tushunib yetdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan MChJlarning biridan “Milliybank” Farg‘ona viloyati filiali foydasiga 449,0 million so‘m qarzdorlik hamda 34,3 million so‘m kredit foizlarini undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjatiga asosan Majburiy ijro byurosi Marg‘ilon shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan.

Qarzdor MChJ rahbari va boshqa mansabdor shaxslari davlat ijrochisiga ko‘pdan-ko‘p va’dalar berib, sud qarori ijrosini ta’minlashni paysalga solib kelgan.

Davlat ijrochisi MChJ yuridik manzili sifatida ko‘rsatilgan joydan MChJga tegishli hech qanday mol-mulklarni aniqlay olmagan. Keyinchalik, undiruvchi bank bilan sud orqali garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulklar masalasida yechim topilgach, davlat ijrochisi 2019 yil sentabr oyida ko‘chmas mulklarni xatlash harakatini o‘tkazishga kirisha boshlagan.

Biroq shu vaqtda MChJ vakillari paydo bo‘lib, sud qarori ijrosini to‘liq ta’minlashlarini ma’lum qilishgan va joriy yil 7 oktabr kunining o‘zidayoq qarzdor taraf undiruvchi bank muassasasiga 172,3 million so‘m pullarni naqd shaklda to‘lashni boshlab yuborgan hamda davlat foydasiga 18,3 million so‘m davlat bojini ham to‘lashga ham ulgurgan.

Ha, davlat ijrochisi qarzdorning “nozik” joyini topgan ko‘rinadi.

1 145
M.SULAYMONOV, O‘zA