O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Gar oʻzliging baxsh etsang xalqqa...

Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi diplomatik aloqalar haqida soʻz borganda, istiqlolning dastlabki yillaridagi tarixiy voqealar yodga tushadi. U paytlar yosh va mustaqil Oʻzbekiston davlatini jahonning koʻzga koʻringan davlatlari hali yaqindan bilmas, jahon jamoatchiligining esa yurtimiz haqidagi tasavvurlari ham haminqadar edi.

Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida kunduzgi boʻlimda oʻqiyotgan talabalarning koʻpchiligi muharririyatlarda ishlar, undan domlalarimiz ham xursand boʻlishsa, tajribamiz oshayotganidan biz ham mamnun edik. Nufuzli gazetamiz “Xalq soʻzi“ oʻsha yillarda endigina toʻrt yoshga toʻlgan, biz jurnalistika fakulteti talabalari yangi nashrning har bir sonini intiqlik bilan kutib oʻqib borardik, unda-bunda maqolalarimiz chiqqanida quvonib ketardik. Men “ Xalq soʻzi” gazetasida ozroq vaqt korrektor boʻlib ishladim. Oʻsha paytda gazetaga taniqli jurnalist Anvar Joʻraboyev muharrir edi.

photo5269438115414649202.jpg

Jahonning taniqli davlat arboblari, yozuvchi va shoirlari, turli soha vakillari bilan muloqotlar uyushtirgan bu inson suhbat janrining puxta bilimdoni edi. ”Xalq soʻzi” gazetasining 1994-yil 23,26,27,28 aprel sonlarida oʻsha paytdagi Fransiya Prezidenti Fransua Mitteranning davlat tashrifi bilan bogʻliq ajoyib maqola, reportaj va suhbatlar eʼlon qilindi. Aytish kerakki, hali ikki davlat jamoatchiligi bir-birining hayotini yaxshi bilmas edi.

1993+yilning oktyabr oyida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiyaga rasmiy tashrif uyushtiradi. Rasmiy Parij Oʻzbekiston jamoatchiligini katta hurmat va ehtirom bilan kutib oladi. Keyinroq, 1994-yil 25-27 aprel kunlarida Oʻzbekistonga Fransiya delegatsiyasi tashrif buyuradi. U paytlar hali xalqaro mavzularni sharhlovchi, tajribali jurnalistlarimiz sanoqli edi. Har holda jahongashta jurnalist Anvar Joʻraboyevning bu borada tajribasi qoʻl keldi. U kishi Yelisey qarorgohida shaxsan Fransua Mitteran bilan uchrashib muloqot uyushtiradi. Ochigʻi, goʻzal Fransiya hayotiga qiziqqanligim bois, oʻshanda bu suhbatni entikib oʻqib chiqqanman. Oʻsha hayajonlarimni mana 24 yil oʻtib yana esladim. Unda tilga olingan fikrlar haligacha tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Mitteran fenomeni

Qadimiy Fransiya davlatchilik tarixida buyuk islohotchilarni voyaga yetkazgan. 7 yillik prezidentlik davrida Fransua Mitteran mamlakat rivoji uchun misli koʻrilmagan yutuqlarga sababchi boʻldi. 1916-yilning 26-oktyabrida Fransiyaning Sharanta departamenti Jarnak shahrida voyaga yetgan Mitteran Parij universitetining huquq va ijtimoiy fanlar fakultetini bitirgan. Qizigʻi shundaki, u jurnalist boʻlib ishlagan, keyin esa advokatlik qilgan. Mamlakat tarixidagi tahlikali yillarda faollik koʻrsatgan. 1944-yilda general de Gol muvaqqat hukumatida harbiy asirlar ishlari boʻyicha bosh kotib sifatida ishtirok etadi va qator yillar turli nufuzli lavozimlarda, 1981-yildan 1995-yilga qadar Prezidentlik lavozimida ishlaydi. U bu lavozimga ikki marotaba saylanadi. Bir qancha kitoblar muallifi, shuningdek, Simon Vizental va koʻplab hukumat ordenlari bilan mukofotlangan.

photo5269438115414649203.jpg

Fransua Mitteran xalqparvar, bagʻrikeng rahbar boʻlish bilan birga, bizning Oʻzbekistonimiz, oʻzbek xalqiga, tarixiga katta hurmat bilan qaragan. 1993-yilda Islom Karimov boshliq delegatsiya Parijga borganida, buyuk davlat arbobi Fransua Mitteran 77 yoshga toʻlgan va Islom Karimov u kishiga qarata: ”Imkoniyatdan foydalanib, sizni, Fransiyaning buyuk farzandini tugʻilgan kuningiz bilan tabriklayman. Sizga chin koʻngildan baxt-saodat, sihat-salomatlik, Fransiya xalqi baxt-saodati yoʻlida uzoq umr koʻrishingizni tilayman“, deya tabrik izhor etadi. Muzokaralar davomida Islom Karimov Mitteran dunyoqarashi va tabiatiga mos tarzda ikki mamlakat ravnaqi va hamkorligi, xalqlar doʻstligining mustahkamlanishiga yana shunday baho beradi: “Siz daraxtlarni yaxshi bilishingizdan xabarim bor. Bu sizning buyuk afzalligingizdir. Xalqlarimiz doʻstlik nihollarini oʻtqazgan edilar. Biz imzolagan ikki tomonlama bitimlar shu nihollarning shoxlaridir. Siz kabi biz ham ana shu nihollar oʻsib, doʻstligu hamkorlikning mustahkam va sermeva daraxtlariga aylanishini istaymiz...”

Oradan biroz vaqt oʻtib, Fransua Mitteran boshliq Fransiya delegatsiyasi 1994-yilning aprel oyida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Tashrif arafasida Anvar Joʻraboyev ”Xalq soʻzi” va ”Narodnoye slovo” gazetalarining muxbiri sifatida gazeta uchun Fransiya Prezidenti Fransua Mitteran bilan suhbat uyushtiradi. Tarixga murojaat qilsak, buyuk sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl olti tomonidan diplomatik aloqalarga ilk qadam qoʻyilgandi. Ikki davlat rahbarlarining yozishmalari bunga misol boʻla oladi. Oradan roppa-rosa 588 yil oʻtib esa ushbu maqsad Islom Karimov va Fransua Mitteran tomonidan amalga oshirildi. Gazeta muxbirining savollariga javob berar ekan, Fransiya rahbari shunday deydi: ”Siz Karl olti va Temur haqida eslatdingiz. Men avval Toshkentda ham, Samarqandda ham boʻlib, mamlakatingizdagi bir vaqtlar koʻp jihatdan biznikidan ustun turuvchi sivilizatsiyani koʻrganman. Biz oʻrta asrlar darajasidan chiqmagan oʻsha davrlarda sizlarning olimlaringiz, allomalaringiz zamonaviy fanning boshlovchilari edilar. Biz bu yoʻlda harakat qilib koʻp narsalarga erishdik”.

Ushbu xolis eʼtirof oʻzbek xalqining asrlar davomida maʼnaviyatli va ilmparvar ekanligining katta isbotidir. 1994-yilning 19-aprelida Parijdagi Yelisey saroyida uyushtirilgan ushbu suhbatda Orol muammosini hal etish, Afgʻonistonda barqaror hayotni taʼminlash, jahon bozori va unda Oʻzbekistonning mavqei, ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar ravnaqi borasida soʻz yuritiladi.

Internet, elektron OAV rivojlangan bugungi kunda chet eldagi arbob yoki taniqli olim bilan yozishma uyushtirish qiyin ish emas. Ammo istiqlolning dastlabki yillarida bu muammo edi. Shu bois Anvar Joʻraboyevning oʻsha harakatlari bosma nashrlar tarixidagi oʻziga xos voqeadir.

Hamkorlik zarvaraqlari

Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil fevral oyida oʻrnatiladi. 1992-yilning iyul oyida Toshkentda Fransiya Respublikasining elchixonasi ochiladi. OAV xodimi sifatida men ham bu dargohdagi koʻplab tadbirlarning ishtirokchisi boʻlganman. Har yili Bastiliyaning qoʻlga kiritilishi munosabati bilan tashkil etiladigan bayramlar Fransuzlarning tarixda eng koʻp revolyutsiyalarni boshidan kechirganini, madaniyat, ilm-fan va intellektual qadriyatlarga shunchaki qaramasligini koʻrsatadi.

“Xalq soʻzi“ gazetasining oʻsha sonida Fransiyaning Oʻzbekistondagi birinchi elchisi Jan Pol Vezian bilan suhbat ham berilgan. Muxbir savollariga javob qaytarib, elchi janoblari Oʻzbekiston jamoatchiligiga baho berar ekan: “Yurtingiz kishilarining munosabatlaridan Fransiya va fransuzlarga nisbatan mehr-muhabbat, qiziqish va ehtirom ufurib turganini doimo his etaman“, deya javob beradi.

Darhaqiqat, shunday. Buni bugun navqiron yoshlarimiz asliyatdan fransuz tilidan katta asarlarni tarjima qilib adabiyotlar doʻstligini mustahkamlayotganida, fransuz tilini fransuzlar bilan teng alfozda xatosiz talaffuz qilib oʻrganishayotganida, qoʻshma korxonalarimizda ish oʻrinlari yaratilganida, maktablarimizda, oliy oʻquv yurtlarida fransuz tilini oʻrgatish ishlari yuqori darajada tashkil etilgani, oʻzbek va fransuz arxeologlarning hamkorligi va boshqa bir qator jabhalarda ham bilsa boʻladi.

Yuqorida tilga olingan suhbat uyushtirilgani va chop etilganiga ham 24 yil boʻlibdi. Bugun oʻzbek xalqining buyuk farzandi Islom Karimov ham, Fransiya xalqining fidoyi oʻgʻloni Fransua Mitteran ham, yaqin yillarda oramizda yurgan iqtidorli qalamkash va tarjimon Anvar Joʻraboyev ham yoʻq. Ammo ular qoʻl urgan ezgu ishlar yanada yangi bosqichda davom etmoqda.

1 847
Oʻljaboy Qarshiboy, OʻzA