O‘zA O`zbek

01.08.2018 18:55 Chop etish versiyasi

G‘uzor tumanidagi sektorlar rahbarlari nima uchun ishdan olindi?

G‘uzor tumanidagi sektorlar rahbarlari nima uchun ishdan olindi?
Tuman ko‘p jihatlar bo‘yicha respublikada ortda qoldi...

G‘o‘za parvarishida muhim palla hisoblangan shu kunlarda agrotexnik tadbirlar – dalaga mineral va mahalliy o‘g‘it solish, vaqtida sug‘orish, tagiga ishlov berish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish hosil mo‘l bo‘lishini ta’minlaydi.

Qashqadaryolik mirishkorlar ham joriy yilda 139 ming 800 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. Chilpish ishlari to‘liq yakunlandi. 106 ming 18 gektar maydonda ikkinchi, 8 ming 602 gektar yerda uchinchi sug‘orish ishlari amalga oshirilgan.

Ammo bu yilgi tabiat injiqliklari va ob-havoning noqulay kelishi ayrim tumanlarda chigit ekish ishlari va nihol parvarishini sifatli olib borishga jiddiy to‘sqinlik qildi. Natijada o‘sha hududlarda g‘o‘za rivoji orqada qolmoqda.

Prezidentimiz raisligida 2018-yil 31-iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlar jiddiy tanqid qilindi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi ishlarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Zarbdor, G‘uzor, Bag‘dod va Uychi tumanlari to‘rtala sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xo‘sh, G‘uzor tumanidagi sektorlar rahbarlari nima uchun ishdan olindi? Umuman, qishloq xo‘jaligida qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan? Shu savollarga javob olish maqsadida G‘uzor tumanida bo‘ldik.

Tumanda 6 ming 500 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Lekin hududga biriktirilgan sektor rahbarlari va suv xo‘jaligi xodimlari suvni adolatli taqsimlash bilan yetarlicha shug‘ullanmagan. Suvdan maqsadli foydalanilmagani, yetarlicha suvchi jalb qilinmagani, tungi sug‘orish ishlari tashkil etilmagani oqibatida ko‘pgina fermer xo‘jaliklari dalalaridagi g‘o‘za chanqatib qo‘yilgan. Hatto, ayrim paxta maydonlari umuman sug‘orilmagan.

– Suv bo‘lmasa, hayot bo‘lmaydi, deganlaridek, bu yil dehqonlar uchun murakkab keldi, – deydi G‘uzor tumanidagi “To‘ra bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Nodirbek To‘rayev. – Masalan, xo‘jaligimizdagi 80 gektar yerning 40 gektariga chigit ekilgan edi. Suv yo‘qligi sabab bor-yo‘g‘i 15 gektar maydondagi g‘o‘za asrab qolindi. Qolgani qurib ketdi. Asrab qolgan paxtamiz ham bir martagina suv ichishga ulgurdi. Ikkinchi suv bersak, har tugul hosilga umid qilamiz. Agar shuni ham ichmasa, umidlarimiz puchga chiqadi. Takroriy ekin ekishni esa, hali xayolimizga ham keltirganimiz yo‘q.

Bundan tashqari, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishni yakunlash, shartnoma tuzish va bo‘nak mablag‘larini berish ishlari ham ko‘ngildagidek tashkil etilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda tumanda jami 100 gektar maydonda dukkakli ekin ekish rejalashtirilgan. Ammo e’tiborsizlik tufayli bu boradagi ishlar ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

O‘.Barotov, O‘zA
2 729