O‘zA O`zbek

02.08.2018 16:20 Chop etish versiyasi

G‘urur tiklanishi kerak

G‘urur tiklanishi kerak

Bunda esa adabiyotning o‘rni beqiyos

004.JPG

Shodmonqul Salom,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir

Insoniyat o‘tmishidan bir haqiqat ma’lum: qaysi jamiyatda MA’NAVIYAT qadr topsa, o‘sha jamiyat tarix toqida javzo osmonidagi Oltin qoziqdek baralla porlab turadi. Ushbu saltanatni millati, irqi, e’tiqod yo‘sinidan qat’i nazar, bashariyat iliq mehr bilan eslaydi. Chunki ma’naviyatning negizi bo‘lgan din, adabiyot, san’at, ilm-fan ravnaq topgan davrlar hamisha moziyning oltin ko‘prigi bo‘lgan, bobomeros insoniy tafakkurni asrab, avlodlarga yetkazgan. Vaholanki, Oltin qoziq atrofida ming-minglab xira va sovuq toshlar ham mavjud-ku...

2017-yilning 3-avgust sanasida Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan qilgan muloqoti mamlakatimiz ma’naviy iqlimida katta hodisa bo‘ldi. Bu uchrashuvda mamlakat rahbarining adabiyot, san’at sohalaridagi har bir o‘zgarishga, yutuq va kamchiliklarga bildirgan odilona munosabati, taklif va tavsiyalari, bir so‘z bilan aytganda, madaniyat tizimini zamon bilan hamqadam bo‘lishga qilgan chaqirig‘i – chin ma’noda ma’naviy islohotning debochasidir. Ushbu sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlarni esa barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun barpo etilgan yangi binodan boshlab kitoblar nashri, sifati, mualliflarning rag‘batlantirilishi, ijodiy tashkilot va uyushmalar, gazeta-jurnallarning homiy tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligi, ijodkorlar uchun imtiyozli kredit asosida uylar qurilishi, bu ishlarning huquqiy asosini ta’minlovchi qarorlar qabul qilinishigacha bo‘lgan, ijod ahli uchun ilgari sira kuzatilmagan katta jarayondan hech bir ziyoli bexabar emas.

Alisher Navoiydek shoirni bergan xalqning adiblari qatag‘onning mudhish zamonini ham, tuzum iskanjasida, g‘oyabozlik bosimi ostida qalam surgan, keyinchalik adabiyot o‘ladimi, degan savol qalqib chiqqan tashvishli davrlarni ham boshdan kechirganlar. Shu kabi xotirotlar uyg‘onganda bugungi kunda adabiyotga bo‘layotgan haqiqiy e’tiborning nafasini tuyar ekansiz, beixtiyor shukrona aytasiz.

Shu o‘rinda tarixiy uchrashuvda Prezidentimizning o‘rtaga tashlagan savollari, mulohazalari yodga keladi: “Deylik, 15-20-yildan keyin O‘zbekistonning madaniy rivojlanishi qanday kechadi, bugun biz yashayotgan Internet va yuksak texnologiyalar asrida adabiyot va san’at, madaniyatimizning o‘rni va ta’sirini nafaqat saqlab qolish, balki qanday qilib uni kuchaytirish mumkin, degan to‘g‘ri va odilona savollar barchamizni, birinchi navbatda, xalqimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lgan ijod ahlini o‘ylantirishi zarur emasmi?”

“Necha yillardan beri masala qo‘yamiz – zamonaviy qahramon obrazini yarataylik, deb. Lekin birorta jiddiy natijaga erisha oldikmi?

Albatta, bu borada qandaydir intilish va harakatlar ko‘zga tashlanayotganini, badiiy va publitsistik asarlar, pyesa va kinolentalar paydo bo‘layotganini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo ularning ko‘pchiligi yurakdan chiqmagan, zo‘rma-zo‘raki urinishlar bo‘lib, hali madaniy hayotimizda voqea bo‘ladigan yetuk va mukammal asarlar yaratilgani yo‘q, desak, bu ham haqiqat bo‘ladi.”

Bu so‘zlarga javob topish, avvalo, adiblarimiz uchun muhimdir. Chunki adabiyot yuksalsa, qo‘shiqchilik, kino, teatr san’ati rivojlanadi, saviya ko‘tariladi. Matbuot sahifalariga rang kiradi, teleradio dasturlari hayotiylik kasb etadi. Shu bois ham shoir-yozuvchilar asl vazifasi nima ekanini anglashi, adabiyotshunoslar “tanqid – saralamoq” ekanini yurakdan o‘tkazishi, ma’nan, vijdonan uyg‘onishi zarur. Davrning Qahhorlari, Xolmirzayevlari, Sharafiddinovlari, Oripovlari, Muhammad Yusuflari maydonga chiqishi shart! Bu – quyoshning chiqishi kutilganidek asl hayotiy ehtiyoj. Kelajakka yorug‘ yuz bilan boqish uchun bu narsalar amalga oshishi kerak. Aytadigan gaplar ko‘p, qilinish lozim ishlar ham bisyor. Adabiyotparvar davrning munosib xirmonini barpo etmoqning vaqti aynan bugundir!

Zero, adabiyot xalqning g‘ururini yuksaltiradi, millatni o‘zini hurmat qilishdek saodatga eltadi. Xalqimiz esa bunday sharafga juda-juda munosib.

O‘zA
3 601