O‘zA O`zbek

24.02.2019 Chop etish versiyasi

Gʻoliblarga noutbuk, qolganlarga oʻquv kursiga yoʻllanma

Gʻoliblarga noutbuk, qolganlarga oʻquv kursiga yoʻllanma

“ROBO CODERS 2019” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash boshlandi. Gʻoliblar uch xil talab asosida tanlandi. Yaʼni 15-20 yoshlilar oʻrtasida uchta, 21-25, 26-30 yoshgacha boʻlganlar orasida ham uchtadan gʻolib aniqlandi. Shuningdek, toʻqqizta faxrli oʻrin sohiblari ham maʼlum qilindi.

26-30 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar oʻrtasida Saidjalol Hasanov, 21-25 yoshgacha Sirojiddin Abdukarimov, 16-20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida Nazarbek Boltabayev birinchi oʻrinni egalladi.

Koʻrsatilgan har bir yosh orasidagi birinchi oʻrin sohibiga HP 250 G6 i3-6006 4/500, ikkinchi oʻringa Acer Extensa EX2519 N3160 4/500 rusumli noutbuklar topshirildi. Uchinchi oʻrin egalari esa soʻnggi rusumdagi smartfonga ega boʻldi.

Tanlov doirasida “Eng oddiy algoritm”, “Eng mohir dasturchi”, “Eng yosh dasturi” kabi nominatsiya gʻoliblari ham aniqlandi.

– Ishtirok etib, gʻolib boʻla olmaganlar sertifikat bilan taqdirlanadi, –deydi “Mirzo Ulugbek Innovation Center“ direktorining birinchi oʻrinbosari Orifjon Fayziyev. – Markazimiz yaqinda AKT sohasida qisqa muddatli kurslar ochadi. Ular bu darslarda bepul ishtirok etishi mumkin. Bu kurslar Jizzax viloyatida boshlanadi. Yil davomida bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham tashkil etamiz. Bu oʻquv kurslari orqali ikki ming nafar isteʼdodli yoshlarni qamrab olish moʻljallanmoqda.

1 843
Sayyora Shoyeva, OʻzA