O‘zA O`zbek

07.08.2018 21:16 Chop etish versiyasi

G‘oliblar mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi

G‘oliblar mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi Andijonda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Zaxiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama va komediya teatrida “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovda yozuvchi-shoirlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, musavvirlar, xalq amaliy san’ati vakillari hamda fotograf va dizaynerlarning 1 ming 300 dan ziyod ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.

– Tanlov ko‘rgazmalarida namoyish etilgan ijodiy ishlarning o‘ziga xosligi,mazmunan boyligi va rang-barangligini alohida e’tirof etish kerak, – deydi Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov. – Qolaversa, barcha yo‘nalishlar bo‘yichaishtirokchilar soni o‘tgan yilgidan ancha ko‘pligi ham e’tiborga sazovor.

Ishtirokchilar istiqlol xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanini, mustaqillik yillarida yurtimizda, xususan, Andijonda qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning mazmun-mohiyatini, bunyodkorlik ishlarini, boy tariximiz, milliy qadriyatlarimizni badiiy asarlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining jurnalistik ijod namunalari, fotografiya, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.

Adabiyot yo‘nalishida shoir Farid Usmon (“Parvozga shaylangan qalb” badiiy-publitsistik asari hamda “Vaqtichog‘lik gullari” she’riy to‘plami bilan), teleradio yo‘nalishida Andijon viloyati teleradiokompaniyasining “Axborot” dasturi ijodiy jamoasi, bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va ijodkorlarining jurnalistik ishlari yo‘nalishi bo‘yicha “Andijonnoma” gazetasi bo‘lim mudiri Akbarjon Nazarov, tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishi bo‘yicha “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi dizayneri Temurmalik Abdullayev g‘olib bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) O‘zA
2 764