O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Gʻoʻzani tomchilatib sugʻorishda suv 30-40, oʻgʻit 25 foiz tejaladi

Gʻoʻzani tomchilatib sugʻorishda suv 30-40, oʻgʻit 25 foiz tejaladi

Jizzax viloyatida 2020-yilda paxtachilik tarmogʻidagi 4 ming 987 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.

Paxtakor tumanidagi Sunnat Yusupov rahbarlik qilayotgan “Oxunjon-S” fermer xoʻjaligi fermer xoʻjaligi jami 153 gektar yer maydonida dehqonchilik qilib kelayotir. Joriy yilda davlatga 69 gektar maydon hisobiga 30 sentnerdan, jami 210 tonna don sotdi. Bundan tashqari xoʻjalikdagi 12 nafar doimiy ishchining har biriga 3 tonnadan, 20 nafar mavsumiy ishchiga 250 kilogramdan gʻalla berildi.

photo_2020-08-05_18-46-46.jpg

Xoʻjalikda 75,3 gektar maydonga paxta ekilgan. Oʻtgan yili fermer yangi loyihaga qoʻl urib, “Agrobank” krediti bilan Turkiyadan qiymati 443,6 million soʻmlik “GREEN AGRO SANAYI VEDIS TICARET LTD. STT” tomchilatib sugʻorish uskunasi olib kelgan edi. Ayni paytda xoʻjalikda 25 gektar maydondagi gʻoʻza tomchilatib sugʻorilayotir.

Mutaxassislarning fikricha, bu uskuna suvni 30-40 foiz, oʻgʻitni 25 foiz tejaydi. Agrotexnik tadbirlarning soni kamayadi.

photo_2020-08-05_18-47-06.jpg

Tomchilatib sugʻorish bu – suvni asta-sekin aynan oʻsimlik ildiziga yetkazib berish degani. Bu sugʻorish usuli suvning quyosh va shamolda bugʻlanib ketishiga ham yoʻl qoʻymay tuproq namligini bir maromda ushlab turadi.

– Anʼanaviy usulda sugʻorilganda paykal oʻrtasida oʻqariqlar qazilishi tufayli gʻoʻza nihollari nobud boʻladi, – deydi ushbu fermer xoʻjaligi suvchisi Oxunjon Yusupov. – Rezina ichaklar orqali tomchilatib sugʻorganda oʻqariqlarga hojat yoʻq. Eng muhimi tomchilatib sugʻorishda suv isrof boʻlmasdan, toʻgʻri niholning ildiziga yetib boradi. Natijada suv taqchil boʻlgan bu yilgi qiyin sharoitda ham gʻoʻzamiz yaxshi rivojlanmoqda. Ilgari 25 gektarni 3 ishchi 10 kun sugʻorgan boʻlsa, endi yakka oʻzim bu ishni besh kunda uddalayapman.

photo_2020-08-05_18-46-53.jpg

Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen falokat tufayli suv taxchilligi yuzaga kelgan ushbu hududda bu usulning afzalligi tobora sezilib turibdi. Joriy yilda tumandagi 16 ta fermer xoʻjaligining 491 gektar maydonida tomchilatib sugʻorish joriy etilgan.

– Prezidentimizning 2019-yil 25-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida innovatsion texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilayotir, – deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtakor tuman boʻlimi inspektori Nurillo Joʻrayev. – Shu maqsadda inspeksiyamiz xodimlari tuman qishloq xoʻjaligi organlari bilan ushbu usulni joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga fermerlarga yaqindan yordam koʻrsatmoqda. Bu zamonaviy sugʻorish usulining suvni tejashdagi, isrofgarchilikning oldini olishdagi afzalliklarni ushbu tizimga oʻtgan fermerlarning tajribasi yaqqol koʻrsatib turibdi.

photo_2020-08-05_18-47-02.jpg

Bu fikrni ushbu usul qoʻllanilayotgan maydonlarda suvning tashlamaga chiqib ketishi mutloqa tugatilganida ham koʻrish mumkin. Ayni paytda suv bilan ozuqa elementlarining tashqariga sizib chiqib ketishi natijasida isrof boʻlishi ham kamaymoqda.

Eng muhimi, daladan oqova suvning chiqmasligi tufayli tuproq eroziyasi bartaraf etiladi. Yangi usulning ushbu jihatlari nishabligi katta va tekislanmagan maydonlarda ham tomchilatib sugʻorishni qoʻllash yaxshi samara berishini koʻrsatadi. Suvning tuproqqa singishining cheklanganligi yer osti suvlari koʻtarilib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.

photo_2020-08-05_18-46-58.jpg

Hisob-kitoblarga koʻra, bu texnologiya suvni ikki barobar tejash bilan birga, paxta hosildorligini har gektardan 40 — 45 sentnergacha yetkazish, viloyat boʻyicha oʻrtacha hosildorlikni 1,5 — 1,7-marta oshirish imkonini beradi.

Tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan fermer xoʻjaliklari ushbu texnologiya qoʻllanilgan maydoni boʻyicha 5 yil muddatga yagona yer soligʻi toʻlashdan ozod etilishi yuzasidan Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilgani ham ularga qoʻshimcha imkoniyat yaratmoqda. Shuning uchun bu innovatsion usulga oʻtish dehqonchilikdagi asosiy vazifalardan biri sifatida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 156 ta fermer xoʻjaligidagi 4 ming 357 gektar maydonda qurilish montaj ishlari yakunlangan.


5 565
T.BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), OʻzA