O‘zA O`zbek

16.06.2020 Chop etish versiyasi

“Gʻijduvon” futbol klubi faryodini kim eshitadi...

“Gʻijduvon” futbol klubi faryodini kim eshitadi...

“Gʻijduvon” futbol klubi jamoasi 2003-yilda tashkil topgan. Jamoa oʻsha yili viloyat chempionatida II ligada ishtirok eta boshladi.

Erishgan yutuqlarga asosan jamoa Respublika chempionati kubogi oʻyinlariga qatnashish huquqiga ega boʻldi. 2009-yilda ikkinchi tabaqa klublari oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalarda qatnashdi. Oʻzbekiston futbol federatsiyasi kubogi gʻolibligini qoʻlga kiritdi.

2009 – 2013-yillarda jamoa uzluksiz ravishda viloyat chempionatida qatnashib, boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan barcha jamoalarni magʻlub etdi. Oʻzbekiston birinchi ligasiga qabul qilinib, Oʻzbekiston professional futbol ligasi ishtirokchisiga aylandi.

photo_2020-06-16_16-19-37.jpg

“Gʻijduvon” futbol jamoasiga shu davrgacha malakali murabbiylar jalb etildi. Shuning uchun jamoa oʻzining oʻyin uslubiga erishib, chiroyli oʻyinlari bilan muxlislari eʼtiboriga sazovor boʻldi. Har bir futbol musobaqalarida oʻyingohning muxlislar bilan toʻlib borishi bunga yaqqol misol.

2008-yil yanvar oyida futbol klubi bazasi tashkil qilindi.

2003-yildan boshlab asosiy homiy, klub rahbariyati tomonidan tumandagi tadbirkorlar, korxona – tashkilotlarga homiylik mablagʻlari evaziga futbolni rivojlantirish uchun muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

photo_2020-06-16_16-20-08.jpg

“Gʻijduvon” futbol jamoasi Oʻzbekiston birinchiligi musobaqalarida 2014-yildan boshlab shu davrgacha faol qatnashib Buxoro viloyati sharafini munosib himoya qildi. Asosan mahalliy yosh futbolchilardan tashkil topgan jamoa oldiga qoʻyilgan vazifalarni astoydil bajarib kelmoqda.

Klub yosh futbolchilarni tarbiyalash uchun tuman xalq taʼlimi boʻlimi bilan hamkorligida 2003-yilda ixtisoslashtirilgan futbol maktabini tashkil etdi. Ushbu maktab Gʻovshun mahalla fuqarolar yigʻini hududida barpo etildi. Shu vaqtning oʻzidan boshlab maktabni futbol klubi oʻz otaligʻiga oldi.

2010 – 2015-yillarda tumanning Gʻovshun MFY hududida hozirgi davr talab darajasiga javob bera oladigan “Navroʻz” futbol arenasi klub masʼullari, homiylar hamkorligida qurilib, maktab hamda jamoaga oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish va barcha yoshdagi futbol jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan Respublika, viloyat va tuman miqyosidagi futbol musobaqalarini oʻtkazishlari uchun sharoit yaratildi.

photo_2020-06-16_16-19-46.jpg

Bolalar va oʻsmirlar futbol jamoalariga iqtidorli, malakali, tajribali murabbiylar — Ilhom Sattorov, Umidjon Qudratov, Mansur Otaqulovlar faoliyat olib borib, futbol sirlarini yoshlarga oʻrgatmoqda hamda yaxshi natijalarga erishmoqda. Ularning tarbiyalarini olgan yosh futbolchilar hozirda Respublikamiz oliy va 1-ligalarida ishtirok etib, oʻz mahoratini koʻrsatmoqda.

Ammo, birgina klub rahbariyati tomonidan jalb qilingan homiylar koʻmagi futbolda boʻlayotgan xarajatlarni toʻlaqonli qoplanishiga erishilmayapti. Bu esa oʻyin va boshqa xarajatlarga salbiy taʼsir etmoqda.

Davlatimiz rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining hududlarda futbolni rivojlantirish boʻyicha qabul qilayotgan qator qaror va farmonlari ijrosini taʼminlashda sansalorlikka solinmoqda.

photo_2020-06-16_16-19-57.jpg

Klub rahbariyati klubni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishiga tuman hokimligi mutasaddi rahbarlariga, yuqori tashkilotlarga necha marotaba murojaat qilishiga qaramay, yolgʻon vaʼdalarga ishonib kelindi.

Afsuski, klub joriy yilda Respublika chempionati PRO (birinchi) liga musobaqalarida qanday qilib ishtirok eta olishi nomaʼlum boʻlib turibdi. Lekin shunga qaramay klub aʼzolari 2024-yilga borib Oʻzbekiston super (oliy) ligasida ishtirok etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Futbol jamoani moliyalashtirish masalasi shunday nomigagina davom etaversa, shu davrgacha futbol sohasida qilingan mehnatlar, yaratilgan sharoitlar puchga chiqib abgor boʻlib ketish ehtimoli bor.


12 093
Zarif KOMILOV, OʻzA