O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan Fransiya tajribasi o‘rganildi

Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan Fransiya tajribasi o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi F-5464-sonli “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosi yuzasidan tuzilgan ishchi guruh a’zolari ishtirokida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish maqsadida Fransiyaga xizmat safari tashkil etildi.

3 kun davomida Fransiya Respublikasi Adliya vazirligi, Parij Panteon Assas universiteti qoshidagi Qiyosiy huquq instituti, Kontinental huquqni o‘rganish instituti, Kassatsiya sudi hamda Sudyalar va prokurorlar tayyorlash milliy maktabi hamda boshqa tashkilotlarda Fuqarolik kodeksining umumiy qoidalari, majburiyat huquqi, ashyoviy huquq, yuridik shaxslar, qimmatli qog‘ozlar, xalqaro xususiy huquq, oila va meros huquqi, intellektual mulk huquqi yo‘nalishlari bilan bog‘liq muhokamalar tashkil etildi.

Jumladan, tashrifning birinchi kuni Panteon Assas universiteti qoshidagi Qiyosiy huquq institutida Fransiyaning taniqli sivilisti professor Benedikte Faurak-Kosson, Yevropa qimmatli qog‘ozlar bozori organining mas’ul xodimi Lui Suayr, xususiy huquq va qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha professor Antuan Tuzain, shartnoma huquqi bo‘yicha ekspert Maksim Kormelar bilan savol-javob shaklida o‘tgan davra suhbatida Fransiya fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha tajribasi o‘rganildi. 

Tashrifning ikkinchi kunining birinchi yarmida Fransiya Adliya vazirligining fuqarolik ishlari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Monsier Jan-Frankots de Montgolfier, Majburiyat huquqi bo‘lim boshlig‘i Klotilda Bellino, fuqarolik protsessi va arbitraj bo‘yicha ekspert Lea Galiardlar ishtirokidagi uchrashuvda Fransiyaning Fuqarolik kodeksi qabul qilingan (1804 yil)dan beri olib borilgan fuqarolik qonunchiligini isloh qilish bosqichlari o‘rganildi. Xususan, 2016 yilda Fransiya Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar natijalari tahlil qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida Kontinental huquqni o‘rganish institutida tadbirkorlik va xususiy huquq sohasidagi mutaxassis professor Romen Boffa hamda institut direktori Ann-Sharlotta Gros ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi. Institutga tashrif buyurgan ishchi guruh a’zolari tomonidan yuridik shaxslar, intellektual mulk, shartnoma huquqi bo‘yicha Fransiya tajribasi batafsil o‘rganildi.

Tashrifning so‘nggi kunining birinchi yarmida Fransiyaning Kassatsiya sudida Patrik Matet va Silven Poyllot-Peruzzettolar ishtirokidagi uchrashuvda fuqarolik ishlari bo‘yicha Kassatsiya sudining o‘rni va amaliyoti haqida Fransiya tajribasi o‘rganildi.

Tashrif chog‘ida barcha tashkilotlarga, ekspertlarga 2020 yil 23-25 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Tashkent Law Sring” II Xalqaro yuridik forumi haqida ma’lumot berildi.

Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va AQSh Xalqaro Rivojlanish Agentligi (USAID) hamkorligida amalga oshirilmoqda.

1 928
O‘zA