Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 16:19 Chop etish versiyasi

Fuqarolik jamiyatining muhim omili

Namanganda “Fuqarolik faolligini oshirish va mustahkamlash” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan NNTlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti rahbarlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Bu ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayotimizda, fuqarolarning ong va tafakkurida yuz berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarda o‘z ifodasini topayotir.

– Mehr-oqibat, muruvvat va saxovat, ayniqsa, hashar yo‘li bilan o‘zgalarga yordam ko‘rsatish kabi azaliy qadriyatlarimiz demokratiyaning milliy ko‘rinishi sifatida xalqimizning qon-qoniga singib ketgan yuksak fazilatlardir, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ijrochi direktori O.Izzatillayev. – Bu an’analar mustaqillik yillarida jahon tamadduniga uyg‘un ravishda yanada mustahkamlanib, ijtimoiy ahamiyati ortib bormoqda. Mazkur tadbirda uning bir qirrasi – ko‘ngillilik asosidagi fuqarolik faolligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha bilim va tajriba almashildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining bilim va ko‘nikmasini oshirish, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash tizimini takomillashtirishdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning jamoat faoliyatidagi ko‘ngillilik harakati O‘zbekiston Respublikasining “Homiylik to‘g‘risida”gi qonuni doirasida tartibga solinadi. Mazkur qonunning 13-moddasiga ko‘ra, ko‘ngillilarning huquqiy va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Ko‘ngillilarning o‘z maqsadini erkin tanlash va unga erishishda cheklovlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Seminarda yoshlarni nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ko‘ngillilarning uyushgan va uyushmagan qatlami bilan ishlashning samarali mexanizmi va strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha muammo va vazifalar muhokama qilindi. Ko‘ngillilikning huquqiy asoslari va milliy tajriba, uning mazmun-mohiyati va maqsadi, ko‘ngillilarni jalb qilish dasturini ishlab chiqish, ko‘ngillilar ishini rejalashtirish kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tqazildi. Ishtirokchilar tomonidan ko‘ngillilar faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning tashkiliy asoslarini mustahkamlash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga yo‘naltirishning shakl va mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 355






Все о погоде - Pogoda.uz