O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Fuqarolik jamiyati institutlari qoʻllab-quvvatlanmoqda

Fuqarolik jamiyati institutlari qoʻllab-quvvatlanmoqda

Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar, ularni hayotga tadbiq etishda parlament va jamoatchilik vakillarining oʻrni alohida qayd etildi.

Xususan, Prezidentimiz oʻz nutqida Oʻzbekistonda oʻtgan yili oʻtkazilgan parlament saylovlari aholi va partiyalarning, fuqarolik jamiyati institutlarining siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oʻsib borayotganligini taʼkidladi. Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Yigʻilish ishtirokchilarining fikriga koʻra, bu shubhasiz davlatlarning BMT oldidagi majburiyatlarini samarali bajarish uchun javobgarlikni taʼminlashga, jamiyat oldida turgan muhim muammolarni yechishda parlamentning ishtirok etishiga doir yangi mexanizmlarni ishga solishga, demokratiya rivojini yangi darajaga olib chiqishni taʼminlashga xizmat qiladi. Chunki parlament aʼzolari oʻzi saylangan hududining vakili sifatida joylardagi haqiqiy holatdan koʻproq xabardor boʻladi va oʻz vazifalari doirasida saylovchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, rivojlanish jarayonlarini ilgari suradi.

Qolaversa, bu – parlament vakillariga mintaqaviy va global darajadagi davlatlar bilan byudjetni rejalashtirish, ishlab chiqish va tasdiqlash, Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish va monitoring qilish boʻyicha qarorlarni aniqlash uchun tajriba almashish imkonini beradi.

Taʼkidlanishicha, parlament komissiyasi tomonidan davlat dasturlarini bajarishda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirmoqda. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini davlatning ijtimoiy sherigi sifatida aholi keng qatlamlarining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlashga, islohotlar samaradorligini taʼminlashga, demokratik oʻzgarishlar jarayoniga yana-da keng jalb qilish muhim ahamiyatga egaligi maʼlum qilindi.

Ayniqsa, aholi keng qatlamlarining moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etish jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlashning muhim sharti ekanligiga keng eʼtibor qaratildi.

Kun tartibida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham koʻrib chiqildi.

Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” shiori ostida davlat granti oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirish hamda aholining sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ekologik, tibbiy madaniyatini oshirishda, ijtimoiy tadbirkorlik, tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirishga doir mavzuda oʻtkazildi. Tanlovga jami 9 milliard 565 million 672 ming soʻmlik 220 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlaridan 245 ta loyiha qabul qilindi.

Parlament komissiyasining koʻrib chiqishi natijalari va qarori asosida NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining

53 ta loyihasini 2 milliard soʻmga moliyalashtirish rejalashtirildi.

Shuningdek, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun — qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini taʼminlashda demokratik institutlarining faolligini qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi grant tanloviga jami 83 ta fuqarolik jamiyati institutining 3 milliard 496 million 157 ming soʻmlik 89 ta loyihasi qabul qilingan. Parlament komissiyasining koʻrib chiqishi natijalari va qarori asosida, NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 44 ta loyihasi 1 milliard 750 million soʻmga moliyalashtiriladigan boʻldi.

Taʼkidlash lozimki, yigʻilish davomida NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari aʼzolari bilan muloqotni kuchaytirish, jamiyatda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining xilma-xil shakl va mexanizmlarini amaliyotga joriy etish boʻyicha vazifalari belgilab olindi.

1 140
OʻzA