O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatuvchi “Madad” muassasasi tashkil etildi

Fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatuvchi “Madad” muassasasi tashkil etildi
Maʼlumki, Adliya vazirligining taklifiga asosan Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori (741-son, 06.09.2019-y.) qabul qilingan edi.

Qaror bilan “MADAD” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi, deya xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Muassasaning asosiy maqsadi aholiga begʻaraz huquqiy yordam koʻrsatish yoʻli bilan ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashishdan iborat.

Muassasa taʼsischilarining 2019-yil 9-sentyabrdagi qarori bilan Tursunov Toʻlqin Mirzayevich “MADAD” – nodavlat notijorat muassasasi ijrochi direktori lavozimiga tayinlandi. Muassasa 2019-yil 12-sentyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Eslatma tarzida aytib oʻtamiz, ushbu muassasa vazirlik tashabbusi bilan tashkil etildi.

“Madad”ning asosiy vazifalari:

Birinchidan, fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yoʻli bilan birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatadi;

ikkinchidan, fuqarolarning huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy sohadagi oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda oshirib borish uchun koʻngillilarni jalb etadi;

uchinchidan, fuqarolar tomonidan huquqiy maslahat berishga oid soʻrovlarni tahlil qilib boradi. Tahlil natijasi boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

toʻrtinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullar, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini amaliyotga tatbiq etadi;

beshinchidan, “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalini muntazam ravishda yuritadi va yangilab boradi.

Muassasa respublikamizning 14 ta hududidagi boʻlinmalari, shu bilan birga, tuman (shahar)larda faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan huquqiy maslahat byurolari orqali xizmat koʻrsatadi.

Снимок1.PNG

2 581
O'zA