O‘zA O`zbek

24.05.2019 17:48 Chop etish versiyasi

Fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo‘lishi mumkin

Fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo‘lishi mumkin


Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, www.regulation.uz portaliga umummuhokama uchun joylashtirildi.

Loyihada o‘zining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjat bilan buzilgan deb hisoblovchi har qanday shaxsga Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilish mumkinligi nazarda tutilmoqda. Bunda, murojaatchi shaxsan o‘zi yoki vakili orqali Konstitutsiyaviy sud majlisida ishtirok etishi mumkin.

Shuningdek, davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishi yoxud ular tomonidan qonun hujjatlariga nomuvofiq bo‘lgan hujjat chiqarilishi natijasida shaxslarga zarar yetkazilsa, ushbu zarar davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lanishi belgilanmoqda.

Zararni qoplash uchun mablag‘ yetarli bo‘lmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari mavjud bo‘lmagan hollardagina zarar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin bo‘ladi.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, xalqaro tajriba o‘rganilganda, fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish (shikoyat qilish) amaliyoti xorijiy davlatlar, xususan, Belgiya, Ispaniya, Germaniya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda mavjudligini ko‘rish mumkin.

Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini ta’minlashga, jumladan, ularning Konstitutsiya bilan belgilab qo‘yilgan huquqlarini to‘laqonli himoya qilinishiga erishiladi.


O‘zA
711