O‘zA O`zbek

07.08.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Fuqarolar manfaati, yurt rivojini ta’minlashga doir qonun loyihalari deputatlar muhokamasida

Fuqarolar manfaati, yurt rivojini ta’minlashga doir qonun loyihalari deputatlar muhokamasida
Taraqqiyotning bugungi bosqichida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar izchilligini huquqiy jihatdan ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish xalqimizning orzu-istaklari ro‘yobining muhim kafolatidir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarning qonuniy asoslarini yaratishga qaratilgan, fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy sohalardagi manfaatlarini ta’minlashga doir bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar o‘z ishlarini “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.

Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017-yil 28-dekabrdagi “Mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ayrim alohida toifadagi pensionerlarga maqbul sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli pensiyalar tayinlash, shuningdek, pensiyalarni to‘g‘ri tayinlash va to‘lash borasidagi amaliyot yanada takomillashtirilmoqda. Xususan, mazkur loyihaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxatlarga muvofiq alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga – erkaklar – ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar – ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda umumiy belgilangan pensiya yoshini 5 yilga qisqartirgan holda imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, pensioner byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni undirish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lganda, aniqlangan qarzdorlikni sud tartibida undirish tartibi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasida 12-iyun kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lib, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan uning normalarini takomillashtirish bo‘yicha bir qator fikr-mulohaza va takliflar bildirilgan edi. Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ular inobatga olingani ma’lum qilindi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi alohida toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va muhofazalash ishlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Davlat bojxona xizmati xodimlari kunining belgilanishi soha vakillarida rag‘bat uyg‘otib, faoliyatida ishchanlik ruhini yanada kuchaytirishga, samaradorlikni oshirishga turtki beradi.

Keyingi paytda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar barcha jihatlarni, shu jumladan, davlat boji miqdorini maqbullashtirish va sud xarajatlarini sud protsessining barcha ishtirokchilari o‘rtasida adolatli taqsimlash masalalarini ham qamrab olgan. Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu borada fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat etishda davlat boji stavkalari kamaytirilgani munosabati bilan qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutishi bilan ahamiyatlidir.

Deputatlarning fikricha, ushbu yangiliklar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga, iqtisodiy, ma’muriy sudlarga davo arizalari kiritilganda nizolarning taalluqliligidan kelib chiqib, boj undirish obyektlarini alohida qilib belgilashda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

Majlis kun tartibiga birinchi o‘qishda kiritilgan yana bir muhim hujjat loyihasi adliya organlari faoliyati tizimliligi darajasini oshirish, davlat hokimiyati vakillik organlarining adliya organlari faoliyati ustidan nazorat vakolatlarini kuchaytirish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Ushbu qonun loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.

Deputatlar tomonidan qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi Adliya vazirligining yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, huquq ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirishdagi rolini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Prezidentimizning 2018-yil 11-apreldagi farmoniga muvofiq, 2018-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlari, jumladan, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar uchun bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini kelishish hamda tovarlarni qayta ishlashning mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berish bekor qilindi. Shu bois birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan“O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, mazkur kodeksning tovarlarni bojxona hududida, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash talablari va shartlari bilan bog‘liq ruxsat etuvchi normalari chiqarib tashlanmoqda.

Deputatlar fikricha, mazkur qonun loyihasiishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi va natijadorligini ta’minlaydi. Qonun loyihasi bilan davlat organlari tomonidan asossiz ma’muriy nazoratni bekor qilish ko‘zda tutilayotgani esa yurtimizda tadbirkorlik sohasining yanada rivoj topishiga yordam beradi.

Bahs-munozara shaklida kechgan muhokamalar kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalarini har tomonlama muhokama qilish imkonini yaratdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

O‘zA
2 746