O‘zA O`zbek

08.08.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Fuqaro MIB xodimini pichoqladi (+video)

Fuqaro MIB xodimini pichoqladi (+video)

Majburiy ijro byuro xodimlari o‘z xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida energiya resurslaridan keragicha foydalanib, pulini to‘lashga kelganda tajovuzkor munosabatda bo‘layotgan fuqarolarga ham duch kelishmoqda.

Byuroning Andijon viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan birgina joriy yilning 6 oyi davomida elektr resurslari iste’molchilaridan jami 452 mlrd. so‘m undirilgan. Buning 305 mlrd. so‘mi elektr energiyasi, 132 mlrd. so‘mi tabiiy gaz hamda 15 mlrd. so‘mi ichimlik suvi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu sa’y-harakatlar natijasida fuqarolarning energiya resurslarini hamda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Xonadonlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar kamaydi.

Jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmagan fuqaro yaxshi biladi-ki, sifatsiz va yaroqsiz holga kelib qolgan uskunalarni zamonaviy va tejamkorlariga almashtirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Biroq, iste’molchilar orasida kommunal xizmatlardan foydalanib, to‘loviga kelganda oyoq tirab, ustiga-ustak Byuro xodimlari faoliyatiga jiddiy qarshilik ko‘rsatish, turli haqoratomus so‘zlarni ishlatib, hattoki tan jarohati yetkazish hollari ham uchrab turibdi.

Mana shunday noxush holatlardan biri joriy yilning 19-iyul kuni Majburiy ijro byurosining Andijon tuman bo‘limi davlat inspektori Bahrom Hakimqulov bilan sodir bo‘ldi. Mazkur vaziyatga holisona baho berishingiz uchun voqeaning aslida qanday kechgani xususida so‘z yuritsak. Byuro xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida tumanning “Navro‘z” MFY Mehnat ko‘chasi, 52-xonadonda yashovchi Yodgor Oxunovning elektr energiyasidan 650 ming so‘mlik qarzi borligini aniqlashadi.

Tabiiyki, davlat inspektorlari tomonidan xonadon sohibiga mavjud qarzdorlikni to‘lab qo‘yishi uchun belgilangan tartibda talabnoma rasmiylashtiriladi. Xonadon egasi esa talabnomaning bir nusxasiga imzo chekishdan bosh tortib, janjal ko‘taradi. 650 ming so‘mlik qarzini to‘lab qo‘yish o‘rniga davlat inspektorining talabnomani rasmiylashtirayotganidan foydalanib, oshxonasidan pichoq ko‘tarib chiqib, davlat inspektorining qorin hamda bel qismiga ikki marta pichoq uradi. MIBning shu joyda bo‘lgan yana bir inspektori Azimov yordamga keladi va hamkasbini himoya qiladi.

Endigina 27 yoshni qarshilagan Yo.Oxunov oilali, 2 nafar farzandning otasi. U biror bir foydali ish bilan shug‘ullanmaydi. Xizmat vazifasini bajarayotgan davlat inspektoriga nisbatan sodir etgan tajovuzi uchun unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Afsuski, kundalik hayotimizda bu kabi xunuk holatlar kuzatilmoqda. 2018-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining 96 nafar xodimiga xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida qilingan tajovuz ham so‘zimizni tasdiqlaydi. Nahotki, bir haqiqatni anglab yetish shunchalik mushkul bo‘lsa. Axir Byuro xodimlari tomonidan undirilgan mablag‘lar davlat g‘aznasiga kelib tushadi va shuning hisobiga oylik maoshi, stipendiya, nafaqa va boshqa xarajatlar qoplanadi. Aslida qarzdorliklarni vaqtida undirish – xalq turmush darajasini yuksaltirish, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning farovonligini ta’minlash maqsadini ko‘zlab qilinayotgan ish. Tajovuzlarga kelsak, oxir-oqibat har qanday jinoyatga jazo muqarrar. Qarzni to‘lash o‘rniga “janjal ko‘tarsam men bilan hamma murosa qiladi”, degan xom xayolda yurgan odamlar qattiq yangilashadilar. Qarz baribir to‘lanadi. Yuqoridagi holat esa iste’molchilarni to‘lov intizomiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga chorlashi lozim.


O‘zA
3 382