O‘zA O`zbek

04.10.2018 17:56 Chop etish versiyasi

Fransiyaliklarning Oʻzbekiston haqidagi fikrlari

Fransiyaliklarning Oʻzbekiston haqidagi fikrlari

Fransiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifiga jiddiy tayyorgarlik koʻrilmoqda. OʻzA muxbiri mazkur tashrif va Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqida parijliklar bilan suhbatlashdi.

Boosh BAZЕN (iqtisodchi):

1.jpg

– Oʻzbekistonda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilayotganidan xabardormiz. Eng diqqatga sazovor tomoni shuki, zamonaviy turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng koʻlamli sharoitlar yaratilayotgan ekan. Yaqinda mamlakatingizda borib kelgan tanishlarim Oʻzbekiston tarixiy obidalarga boy mamlakat ekanini aytdi. Demak, ularga qiziquvchilar koʻp boʻlishi tabiiy. Shuningdek, internet saytlarida mamlakatingizda sayyohlikning yangi turlari, jumladan, ekoturizm rivojlanayotganidan xabarim bor. Oʻzbekistonda qoʻriqxonalar, milliy bogʻlar, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, yodgorliklar mavjudligi ekoturizmni istiqbolli yoʻnalishga aylantirish imkonini beradi.

Madlen BARSO (oʻqituvchi):

2.jpg

– Oʻzbekiston Fransiya bilan yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirayotgani mamnuniyat uygʻotadi. Tarix kitoblarida Amir Temur haqida oʻqiganmiz. Parijdagi Luvr muzeyida boʻlganimda ham oʻsha davrga oid koʻplar eksponatlar bilan tanishganman.

Yaqinda taʼlim sohasida Oʻzbekistondan delegatsiya kelgani haqidagi xabarni oʻqidim. Maktabgacha, maktab, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqilganidan xursand boʻldim. Oʻzbekistonda fransuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish, ikki mamlakat taʼlim vazirliklari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish tarafdorimiz.

Moro BЕNUA (talaba):

3.jpg

– Oʻzbekistonga borishni moʻljallab turibman. Mamlakatingiz tarixiga qiziqaman. Qadimiy obidalarni asl holicha saqlab qolish borasidagi ishlar tahsinga sazovor. Oʻzbekistonga Fransiyadan koʻp sayyoh boradi. Ular bir olam zavq va taassurotlar bilan qaytmoqda. Targʻibot ishlari natijasida Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Toshkent, Qoʻqon, Shahrisabz kabi shaharlarda buyuk ajdodlaringizning yuksak isteʼdodi bilan bunyod etilgan obidalar oʻzining haqiqiy qadr-qimmatini topmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishi shubhasiz.

A.Abdullayev fotosi

OʻzA muxbiri A.Oʻrozov yozib oldi
2 125