O‘zA O`zbek

14.08.2019 15:56 Chop etish versiyasi

Fraksiyalar qonun loyihalarini koʻrib chiqdi

Fraksiyalar qonun loyihalarini koʻrib chiqdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Dastlab, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiya aʼzolari “Kreditorlarning huquqiy himoyasi kuchaytirilishi va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi qonun loyihasini muhokama qildi.

– Qayd etish lozimki, qonun Oʻzbekiston Respublikasida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, mamlakatning xalqaro reytingini, ishbilarmonlik darajasini va investitsion muhitini, shu jumladan, Jahon bankining “Doing Business” reytingida yanada oshirish maqsadida mulkni garovga qoʻyish, lizing yoki majburiyatni taʼminlashning boshqa shakllariga berishning amaldagi mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishda muhim hujjat hisoblanadi, – dedi fraksiya aʼzosi Nilufar Saidahmedova.

Unda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi bir qator qonunlariga aholi hamda xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni, mamlakatimizning xalqaro reytingining oʻsishini, moliya tizimining barqarorligini oshirishni, muddati oʻtgan kreditlarni qisqartirishni nazarda tutuvchi bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonun loyihasida shaxsga, ayniqsa, ayollarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik qilish, ularga ruhiy va iqtisodiy zoʻravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonunchilik yoʻli bilan tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida tazyiq va zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik, ularni boshidan oʻtkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aniq koʻrsatilib, bu sohadagi vakolatli organlar belgilab berilgan.

“Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida “Maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha taʼlim berish va tarbiyalash toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi atroflicha muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishining asosiy prinsiplari va maqsadini, maktabgacha taʼlimning davlat kafolatlarini belgilaydi. Shuningdek, bolalarning yashash joyidan yoki doimiy roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Eʼtirof etilganidek, maktabgacha taʼlim muassasasi pedagog xodimlarining maxsus maqomini belgilash nazarda tutilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida nazarda tutilgan hollarni istisno qilgan holda, oʻqituvchilarni oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish taqiqlanmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishning majburiy tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.

“Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida“gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Deputatlar tomonidan ushbu loyiha siyosiy-ijtimoiy hayotimizda xotin-qizlarning oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida ahamiyati muhim ekani alohida qayd etildi.

Qayd etilganidek, “gender tenglik“ tushunchasi erkaklar va ayollar huquqlari hamda imkoniyatlarining tengligini, shuningdek, nafaqat oila, jamoa va jamiyatda resurslar hamda xizmatlardan, balki barcha sohalarda teng foydalana olishi, demokratik boshqaruv, qarorlar qabul qilishda tenglik asosida ishtirok etishini nazarda tutadi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiyasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida“gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan keng muhokama etildi.

Soʻzga chiqqanlarning taʼkidlashicha, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar istiqomat qilmoqda. Prezidentimizning “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining gʻoya va maqsadi jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir ustuvor maqsadlarga mushtarakligi bilan ahamiyatlidir.

Nurillo NASRIYEV, OʻzA
836