O‘zA O`zbek

06.09.2018 10:38 Chop etish versiyasi

Foydalanilmayotgan obyektlar yangi ish oʻrni yaratishga xalal bermoqda

Foydalanilmayotgan obyektlar yangi ish oʻrni yaratishga xalal bermoqda

Mamlakatimizda soʻngi yillarda barcha sohalardagi chuqur islohotlar va huquqiy asoslarning yaratilishi tadbirkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Xususan, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan oʻzgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat koʻrsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va oʻn ikki mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Ammo hali-hanuz hududlardagi davlatga va davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalarga tegishli boʻlgan, shuningdek, ajratilgan yer uchastkalarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan hamda sobiq jamoa va shirkat xoʻjaliklarini tugatish davrida sotib olingan katta miqdordagi faoliyat koʻrsatmayotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan obyektlar saqlanib qolmoqda.

Mazkur holat yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatining yoʻqotilishiga, ishlab chiqarish quvvatlarining maʼnan eskirishi va jismonan yemirilishiga olib kelayotgan boʻlib, ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishni talab etmoqda.

Faoliyat koʻrsatmayotgan va foydalanilmasdan turgan obyektlar mulkdorlari, barcha darajadagi rahbarlarning mazkur obyektlardan oqilona va maqsadli foydalanilishi boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xoʻjalik faoliyatiga jalb etish hamda shu asosda yangi ish oʻrinlari yaratishni davrning oʻzi talab etayotir.

Prezidentimizning joriy yil 4 sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni tizimli tartibga solish va takomillashtirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

OʻzA
1 454