O‘zA O`zbek

03.08.2018 19:28 Chop etish versiyasi

Fond bozorida jismoniy shaxslarga yaratilgan qulayliklar

Fond bozorida jismoniy shaxslarga yaratilgan qulayliklar
“Toshkent” respublika fond birjasi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda fond bozorini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jismoniy shaxslar uchun yaratilayotgan qulayliklar va tizimda joriy etilayotgan yangiliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlandiki, fond bozorini modernizatsiya qilish yuzasidan Koreya birjasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Buning natijasida 2016-yilning avgust oyida yurtimiz fond bozorida Yagona dasturiy-texnik majmua ishga tushirilib, tizim faoliyati, jumladan, jismoniy shaxslarga qator qulayliklar yaratildi. Yangi majmua savdo, brokerlik, hisob-kitob va kliring, depozitar va nazorat tizimlarini o‘zida birlashtirgan. Bu jarayonda qimmatli qog‘ozlar bozorida ortiqcha qog‘oz-hujjatlar aylanuviga barham berilgani tizim ishini yanada rivojlantirishda katta omil bo‘ldi.

– Yana bir muhim jihati shuki, endi jismoniy shaxslar qimmatli qog‘ozlar bozori uchun mobil ilova orqali savdolashish va o‘z hisobini boshqarish, mobil to‘lov tizimi vositasida hisobni to‘ldirishi mumkin, – deydi “Toshkent” respublika fond birjasi tahliliy xizmat boshlig‘i O‘ktam Ochilov. – Ushbu tizim orqali fond birjasida kliring, netting tizimiga o‘tish imkoniyati belgilandi. Ma’lumki, kliring – qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olishdir. Yangi tizimda investor bir korxonaning aksiyasini sotib olib, uni shu zahoti sotishi mumkin. Savdolar yakuni bo‘yicha elektron tizim orqali kun davomida savdolarda ishtirok etgan barcha tomonlarning pul talablari va pul majburiyatlari aniqlashtirilib, hisob-kitob qilinadi. Nettingning afzalligi esa investorlarning vaqt va mablag‘lari tejalishiga imkon yaratadi.

Ta’kidlanganidek, 2018 yilning o‘tgan yetti oyi davomida “Toshkent” respublika fond birjasida qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan umumiy savdo aylanmasi hajmi 250,8 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu so‘nggi besh yilning mazkur davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Joriy yil boshidan buyon birja savdolari orqali 99 ta aksiyadorlik jamiyatining 7,2 milliard dona qimmatli qog‘ozlari bilan jami 6821 ta birja bitimlari tuzilgan. Fond birjasining umumiy savdo aylanmasida jismoniy shaxslar ulushi qariyb 60 foizgacha oshgan. Fond birjasida ro‘yxatga olingan umumiy bitimlar sonining 97,5 foizi yoki 6644 donasi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 350