Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.12.2017 17:59 Chop etish versiyasi

Firibgarning tuzog‘iga tushmang

Mabodo biror kishi sizga oson boyish, mo‘may daromad topishni taklif qilsa, bilingki, siz firibgarga duch keldingiz. Jinoyat turlari ichida eng ko‘p uchraydigani firibgarlikdir. 

Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarning qilmishi fosh etildi.

Marg‘ilon shahrida yashovchi, mavsumiy ishchi M.Mo‘minov  firibgarlik yo‘li bilan Yozyovon tumanilik N.Ravshanova (ism-familiya o‘zgartirilgan) dan birga yashaydigan jiyanini ichki ishlar idorasiga ishga joylab qo‘yish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan. M.Mo‘minov “Ixlos” savdo do‘koni yonida belgilangan pulni olayotgan paytda qo‘lga olingan.

***

So‘nggi paytlarda firibgarlik bo‘yicha jinoyatlar soni ortib borayotgani kishini tashvishga soladi. Marg‘ilonlik D.Mirzaliyeyeva ham firibgarning tuzog‘iga ilindi. Tanishi J.Sulaymonov Farg‘ona shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan olib berishni va’da qilib, 2 ming AQSh dollari olgan va turli bahonalar bilan uni aldab kelgan. D.Mirzaaliyeva mazkur holat bo‘yicha Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi. Ayni paytda ushbu holat bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Quvasoy shahar elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi M. Fazilov “Mo‘jizai Arsif sahnasi” xususiy korxonasi ish yurituvchisi D.Jo‘rayevning elektr energiyasidan mavjud 4 million 396 ming so‘m qarzdorligini yo‘qotib berish evaziga pora talab qilgan. M.Fozilov 3 million so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan olgan. Bu holat bo‘yicha M.Fazilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 876