Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2018 11:47 Chop etish versiyasi

Firibgarlikning davri tugadi

Jamiyatda ba’zan orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq ajabtovur hodisalar bo‘lib turadi. Qonunni chetlab o‘tib o‘z ishini bitkazmoqchi bo‘lganlar beixtiyor barmog‘ini tishlab, huquq-tartibot idoralaridan najot izlab qoladi. Agar vaqtingiz bemalolroq bo‘lsa, Surxondaryo taraflarda yuz bergan ana shunday hodisalardan ayrimlarini sizga ham ilinmoqchi edik.

Angor tumanidagi Qo‘shtegirmon mahallasida yashayotgan Otajon Ro‘ziyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2015-yil Janubiy Koreya Respublikasida ishlashni orzu qilib qoladi. Xorijda mehnat qilishning tartib-taomilini so‘rab, surishtirganida buning uchun tegishli tashkilotlarga murojaat etib, hujjatlarni rasmiylashtirish, shartnoma tuzish lozimligini bilib oladi. Xullas, bu ishlar Otajon uchun anchayin murakkabdek bo‘lib tuyuladi. Uning mamlakatimizdan tashqarida ishlashga orzumand ekanini sezgan 22 yoshdagi mahalladoshi Muso Dadajonov paytdan foydalanib, Toshkent shahridagi qo‘li uzun tanishlarim orqali bu ishni osongina hal etib beraman, deya va’dani quyuq qiladi. Otajonning ishonchiga kiradi. Gap orasida arzimagan xarajati borligini ham eslatib qo‘yadi. Shunday qilib, 2015-yil noyabr oyidan 2016-yil noyabrgacha M.Dadajonov O.Ro‘ziyevni Janubiy Koreya Respublikasiga ishga jo‘natish uchun, deya 1 ming 500 AQSh dollari va 2 million 350 ming so‘m naqd pulini olib, ko‘kka sovuradi. Lekin, Otajon Koreya Respublikasiga yo‘l olish u yoqda tursin, Qo‘shtegirmondan uzoqqa ketolmaydi. Oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib, xorijda ishlashga shashti baland bu yigitning ustasi farang yosh firibgarga duch kelganini 59 yoshdagi onasi sezib qoladi va farzandini chuv tushirib yurgan mahalladoshiga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, huquq-tartibot idoralariga murojaat etadi.

Shu o‘rinda O.Ro‘ziyev deganlari hali yosh ekan, qoqilib-suqilib, hayotda o‘z yo‘lini topib olar-da, degan xayolga ham borishingiz mumkin. Biroq, Muzrabot tumanidagi Sopollitepa mahallasida yashovchi 60 yoshdan oshgan Boyniyoz Jo‘raqulov bilan bog‘liq mana bu voqeaga nima deysiz?

Bundan bir yil avval gaz yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurishga ishtiyoqmand bo‘lib qolgan otaxon firibgarning nayrangiga duch kelaman, deb hech o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Afsuski, B.Jo‘raqulovning ishini xamirdan qil sug‘urgandek osongina hal etib berishga quyuq va’da qilgan Muzrabot tumanidagi Mehrigiyoh mahallasida yashovchi Zafarqul Shodiyev ham odamlarni aldab yashashning “hadisi”ni olganlar xilidan bo‘lib chiqdi. U Boyniyoz boboga “gaz yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochishda yordam beraman”, deya naqd 2 ming 700 AQSh dollari va 4 million 800 ming so‘m pulini olib, o‘zlashtirib ketadi. Nihoyat o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga bir yildan buyon Z.Shodiyevning ko‘magini intiqlik bilan kutayotgan B.Jo‘raqulovning gaz yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurishdan ko‘ngli sovib, sabr kosasi to‘ldi. Muqaddam o‘z ixtiyori bilan Z.Shodiyevga bergan pullarini qaytarib olishda yordam so‘rab, tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat etdi...

Har ikkala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 641