Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 11:50 Chop etish versiyasi

Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti takomillashtirildi

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahri, Yozyovon, Uchko‘prik, Qo‘shtepa, Beshariq va Bag‘dod tumanlarida 2017-yilda firibgarlik jinoyati oshgan. 

Bugungi kunda shu toifadagi jinoiy qilmishlarni to‘g‘ri malakalash, qonun talablarini to‘g‘ri qo‘llash va yagona sud amaliyotini shakllantirishga erishish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, keyingi yillarda o‘zgalarning mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-taroj qilishga oid jinoyatlar soni ortayotgani kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti hamda firibgarlik jinoyatining oldini olish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminarda bu alohida ta’kidlandi. 

Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Huquqiy madaniyat targ‘ibotini kuchaytirish, befarqlik, loqaydlikka barham berish, har bir oila, ta’lim muassasasi va mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ayrim hududlarda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar oshgani tashvishlanarlidir. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi qarori mazmun-mohiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mazkur hujjat fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

– Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish dolzarb vazifa hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi raisi A.Akbarov. – Shuning uchun biz huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktika tadbirlariga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Firibgargarlik bilan bog‘liq jinoyatlarda yoshlar ham borligi bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, ularning oldini olishga undaydi. 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
7 328