Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 17:05 Chop etish versiyasi

Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan muntazam o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda barcha mahalla va tashkilotlarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda qonunbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va qonun ustuvorligini qaror toptirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, fuqarolarni aldab firibgarlik qilayotgan shaxslar hamon uchramoqda.

Qibray tumanida 2016-yil avgust oyida Surxondaryo viloyatida yashovchi ayol firibgarlik yo‘li bilan tanishi, qibraylik uy bekasi ishonchiga kirib “qonuniy hujjatlar asosida 3 gektar yer olib beraman”, deb undan 1 ming 600 AQSh dollarini olib, shu kunga qadar qaytarib bermagan.

Xuddi shunday holat Bo‘ka tumanida yashovchi shaxs qarindoshi nomidagi xonadonni shu tumanda yashovchi fuqaroga o‘zi tayyorlagan soxta hujjatlar bilan uyni 5 ming AQSh dollariga pullagan.

Yangiyo‘l tumanida yashovchi shaxs tuman gaz idorasi nazoratchisi lavozimidagi faoliyati davomida mahallalarda ishlatilgan gaz haqi uchun fuqarolardan olgan pullarni davlat hisobiga o‘tkazmay o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan. Tumandagi “Eski qovunchi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi pensionerga “gaz to‘lovidan to‘planib qolgan qarzlaringizni yopib beraman”, deya undan 800 ming so‘m pul olgan.

– Ushbu holatlar yuzasidan qonunbuzarlar ushlanib, hozirda ichki ishlar xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, – deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i M.Rashidov. – Ayniqsa, aholining bu kabi masalalarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilmay, o‘z bilganicha harakat qilishi, huquqlaridan to‘g‘ri foydalanmasligi tufayli firibgarlar tuzog‘iga oson tushib qolmoqda.

Profilaktika inspektorlari davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda joylarda aholining qonunlarni bilishi va o‘rganishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Yuqoridagi kabi jinoyatlar qanday oqibatlarga olib kelayotgani hayotiy misollar orqali tushuntirilmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 722






Все о погоде - Pogoda.uz