O‘zA O`zbek

13.08.2018 15:48 Chop etish versiyasi

Firibgar Janubiy Koreyaga ishga joylash uchun 1 ming 500 dollar oldi

Firibgar Janubiy Koreyaga ishga joylash uchun 1 ming 500 dollar oldi
IIBB axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, ichki ishlar organlariga Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro, 61 yoshli D.Ra’nodan ariza kelib tushgan.

Da’vogar o‘z murojaatida X.Julettaga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. Ma’lum bo‘lishicha, X. Juletta D.Ra’noning o‘g‘lini Janubiy Koreyadagi avtozavodlardan biriga ishga joylab qo‘yish evaziga 1 ming 500 dollarni olib va’dasini bajarmagan.

Tergov ishlari davomida asli Buxoro viloyatida yashovchi 55 yoshli fuqaro hech qayerda ishlamasligi va fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish vakolati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, gumonlanuvchi D.Ra’nodan olgan pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligini tan olgan.

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan gumondorning xuddi shu turdagi yana boshqa jinoyatlarga ham aloqasi borligi aniqlandi. Jumladan, X.Julettaning va’dasiga uchgan yana olti nafar shaxs ayni vaqtda ariza bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Jabrlanganlar orasida Toshkent shahridan tashqari, Navoiy va Buxoro viloyatida yashovchi fuqarolarimiz ham bor. Gumonlanuvchidan ko‘rilgan zararning umumiy miqdori 9 ming dollarni tashkil etgan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA
2 192