O‘zA O`zbek

31.08.2018 19:36 Chop etish versiyasi

Fidoyilikning yuksak eʼtirofi

Fidoyilikning yuksak eʼtirofi
Namanganda Prezidentimizning shu yil 28 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma yetti yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga orden, medallar tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda viloyat davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, shahar va tumanlar hokimliklari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida yanada chuqurlashtirilgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar samara berayotgani, davlat va jamiyat ravnaqi, xalq farovonligi, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Yurt ravnaqi yoʻlida mehnati singayotgan insonlar esa hamisha qadr topadi.

– Barcha yutuqlarimizning asosi mustaqilligimiz, erkimiz oʻz qoʻlimizda ekanligida, – deydi II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan Namangan shahridagi 1-shifoxona bosh shifokori T.Boydedayev. – Oʻz soham nuqtai nazaridan fikr yuritadigan boʻlsam, sogʻliqni saqlash tizimining jadal rivojlanishi, tibbiy xizmatning sifati va samaradorligi davr talabiga mos oʻsib bormoqda. Shunday keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarda ishlash, el-yurtga naf keltirishning oʻzi katta mukofot. Shunga qaramay Prezidentimiz tomonidan bizning kamtarona mehnatlarimiz yuksak mukofotga munosib koʻrilgani bizga ikki hissa masʼuliyat yuklaydi. Men bundan gʻoyatda baxtiyorman. Bunday eʼtibor va eʼtirof kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA
1 941