O‘zA O`zbek

18.06.2018 16:06 Chop etish versiyasi

FHDYO tizimidagi muammolarga chek qo‘yiladi

Nikoh, tug‘ilish, ajralish va o‘lim kabi hayotiy voqealar bor ekan, ularni qonuniy qayd etishga ehtiyoj bo‘ladi. Kundalik turmushda bunday holatlar har kuni uchraydi. Shuning uchun ham ularni qayd etuvchi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari binolari doim odamlar bilan gavjum.

Mana shu gavjumlik ushbu sohada ayrim muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Turnaqator navbatlar, ishni tezroq bitirish uchun pora berish, foyda kelmaydigan ishlarni hal etishni paysalga solishdek illatlar ildiz otgani sir emas.

Sohani tartibga solish, odamlarga qulaylik yaratish borasida keyingi yillarda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 iyundagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham amaliyotda mavjud muammo va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

– Mazkur qaror bilan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda FHDYO organlarining roli va ahamiyati oshirildi, – deydi adliya vazirligining qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev. – Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish institutini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Endilikda FHDYO organlari oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajralishlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarda faol ishtirok etadi. Bu ularning ustuvor vazifasi sifatida belgilab qo‘yildi.

Aholiga tezkor ravishda FHDYO arxiv ma’lumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi fuqarolik holati yagona elektron arxivi shakllantiriladi.

Elektron arxivning to‘liq ishga tushirilishi natijasida fuqarolar FHDYO organlarida qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq zarur ma’lumotlarni olishga bir necha kun emas, balki muayyan daqiqalar sarflaydi, xolos.

Markazlardan uzoqda joylashgan tumanlar aholisiga “mobil davlat xizmatlari” ko‘rsatiladi. Bu jarayonda mutaxassislar joyiga chiqib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.

Bu amaliyot aholiga qulaylik yaratish, ularning vaqtini tejash, transport xarajatlarini qisqartirish bilan birga, huquqiy madaniyatini oshirish, byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2018 yil 1 iyuldan boshlab FHDYO organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, FHDYOning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYO organlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari tasarrufiga o‘tkazilishi belgilangan edi.

Shunga ko‘ra, amaliyotda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan noaniqliklarning oldini olish maqsadida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishga mas’ul mansabdor shaxslar, ya’ni tumanlar (shaharlar) hokimlari, xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, Davlat xizmatlari agentligining direktori, tumanlar (shaharlar) FHDYO bo‘limlari mudirlarining majburiyatlari va javobgarligi doirasi aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qaror bilan nikoh shartnomasini tuzish, aliment to‘lash haqidagi kelishuvni tasdiqlashda davlat boji undirilishi bekor qilindi.

Endilikda turli sabablarga ko‘ra o‘z vaqtida qayd etilmagan holatlar bo‘yicha sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi, shuningdek, tug‘ilgan vaqti faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rishda hech qanday to‘lovlar undirilmaydi.

Bundan tashqari, tug‘ilish va o‘lim faktlarini o‘z vaqtida qayd qilish maqsadida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab FHDYO organlari bilan sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashish yo‘lga qo‘yiladi.

Homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar uning hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilishi hamda uning “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi tug‘ilish va o‘lim holatlari qayd etilmasdan qolishining oldini oladi.

Qaror bilan tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etilib, ularga “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas” va “Tug‘ilganlikning qayd etilishi – bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligining oldini olishning huquqiy asosidir” degan ezgu g‘oyalar asosida qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash, natijasi bo‘yicha tug‘ilganlik, o‘lim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq manzilli qayd etilishini ta’minlash yuklatildi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan bola tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga uning hayoti davomida to‘planadigan o‘zi haqidagi barcha ma’lumotlarni qamrab oluvchi shaxsiy identifikatsiya raqami berilishi amaliyotga joriy etiladi.

FHDYO organlari tizimida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarning oldini olish va ularga qarshi keskin kurashish borasida 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik uchun to‘lovlarni (davlat boji, gerb yig‘imi va pullik xizmat) elektron to‘lovlar (billing) orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi.

Bu esa fuqarolarga qancha mablag‘ to‘lashi kerakligini to‘lovni amalga oshirmasdan to‘lov kvitansiyasiga qarab bilib olish imkoniyatini yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan qaror ijrosi FHDYO tizimida uchrayotgan muammolarga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning manfaatlarini ta’minlaydi, ularga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezkorligi yanada oshadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
8 513