O‘zA O`zbek

01.08.2018 17:29 Chop etish versiyasi

FHDYO arxivlarini moliyalashtirish masalasi qanday hal etiladi?

FHDYO arxivlarini moliyalashtirish masalasi qanday hal etiladi? Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tizimga doir bir necha qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, loyihada tuman (shahar) hokimliklarining boshqaruv apparatlariga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va nikoh uylari faoliyati ustidan rahbarlik qilish bo‘yicha, shuningdek, FHDYO bo‘limlari kadrlar masalasida qo‘shimcha vazifalar yuklatilmoqda.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ham ko‘zda tutilgan.

Xususan, FHDYO arxivlari Agentlik raxbarligi ostiga o‘tganligi ham nizomda o‘z aksini topmoqda, ya’ni FHDYO arxivlari Agentlik tizimiga kirishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Agentlikka, uning hududiy boshqarmalariga FHDYO sohasida bir qancha vazifa va funksiyalar yuklanmoqda. Loyihada FHDYO arxivlarini moliyalashtirish masalasi aniq belgilab berilmoqda, FHDYO arxivlari, Davlat xizmatlari markazlari va Agentlik hududiy boshqarmalarining Agentlik markaziy apparati bilan hamkorlik qilish sohalariga alohida urg‘u berilgan.

Loyihaning to‘liq matni bilan regulation.uz qonun hujjatlari muhokamasi portali orqali tanishishingiz mumkin.

O‘zA
2 787