O‘zA O`zbek

08.11.2018 21:20 Chop etish versiyasi

Festivalga tayyorgarlik qizgʻin

Festivalga tayyorgarlik qizgʻin Poytaxtimizda joriy yilning 21-23 noyabr kunlarida mamlakatimizda birinchi marotaba “Vino sanʼati” boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro vino festivali oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori mamlakatimizda uzumning texnik navlari maydonlarini kengaytirish, ularni yetishtirish boʻyicha ilgʻor usullarni joriy etish, uzumzorlar hosildorligini oshirish, vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda xomashyo bazasini yaratish va rivojlantirish, sifatli va raqobatbardosh vinochilik va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirib borish, shuningdek, ushbu sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, yurtimiz vino sanʼatini xalqaro miqyosda namoyish etish maqsadida oʻtkaziladigan festivalda Rossiya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Bolgariya, Vengriya, Gruziya va boshqa davlatlardan vinochilik sohasi vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etadi.

“Vino sanʼati” uch xil — ilmiy, madaniy va koʻngilochar yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladigan noodatiy festival sifatida tashkil etiladi va uning doirasida “Vino va uzumchilik sanoatida innovatsion texnologiyalar”, “Sharq uzumlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkaziladi. Shuningdek, madaniy-koʻngilochar dasturlar, vino sanʼati boʻyicha mahorat darslari, mahalliy gastronomik mahsulotlar va milliy hunarmandchilik namunalari koʻrgazmasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.



Davron Sunnatov, OʻzA
1 990