O‘zA O`zbek

30.08.2018 22:14 Chop etish versiyasi

Festival gʻoliblari taqdirlandi

Andijonda Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami oldidan “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida “Yoshlar cholgʻu ansambllari va orkestrlari” festivalining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Andijon shahridagi Bolalar shaharchasi, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim olishi, xususan, sanʼat sohasida oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻlaqonli nomoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi.

“Yoshlar cholgʻu ansambllari va orkestrlari” festivalida viloyatdagi musiqa va sanʼat maktablari, umumtaʼlim maktablarining cholgʻu va orkestr ansambllari jamoalari milliy cholgʻular va orkestr yoʻnalishida katta, kichik guruhlar doirasida ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga koʻra, toʻrtta orkestr va oltita milliy cholgʻular ansambl jamoalari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

– Festivalning milliy cholgʻular yoʻnalishida bizning jamoa gʻolib, deb topildi, – deydi Izboskan tumanidagi 7-musiqaga ixtisoslashgan maktab-internatining “Shodiyona” oʻzbek milliy cholgʻular orkestri naychisi Shuhratbek Abduhalimov. – Ijromizga yuqori baho berilganidan xursandmiz. Ushbu muvaffaqiyat bizni yanada ruhlantirib yubordi. Endi bundan-da yuqori natijalarga erishishni maqsad qildik.

Tadbirda gʻolib jamoalar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Festival gʻolib va sovrindorlari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashining diplomi, faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
1 588