O‘zA O`zbek

20.07.2019 Chop etish versiyasi

Fermerlar va klasterlar rahbarlari bilan ochiq muloqot

Fermerlar va klasterlar rahbarlari bilan ochiq muloqot

Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida 20-iyul kuni mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan paxta-toʻqimachilik klasterlar rahbarlari va fermerlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 12-iyul kuni mazkur zavodga tashrifi chogʻida agrar soha mashinasozligini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini arzonlashtirish, tarmoqda mahsulot yetishtirish hajmi va eksport salohiyatini keskin oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi. Davlatimiz rahbari bu vazifalar ijrosini taʼminlash uchun avvalo soha vakillari bilan qishloq xoʻjaligi rivojida muhim boʻlgan masalalarni yechish boʻyicha ochiq muloqot oʻtkazib, oʻzaro fikr almashish va istiqboldagi yoʻnalishlarni belgilab olish zarurligini taʼkidlagan edi.

Shunga muvofiq, tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbar va vakillari, qishloq xoʻjaligi klasterlari, fermer xoʻjaliklari mutasaddilari, olimlar, konstruktorlar, muhandislar taklif etildi.

Soha vakillari dastlab “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa koʻplab korxonalarda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati raisi N.Otajonov, qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xoʻjayev, Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi bosh direktori M.Boyquvvatov, akademik R.Matjonov, Toshkent davlat texnika universiteti professori A.Sadriddinov va boshqalar qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoati oxirgi yillarda achinarli ahvolga kelib qolgani, uni rivojlantirish uchun koʻp vaqt va imkoniyatlar boy berilgani, bir paytlar ushbu tarmoqning maqtansa arzigulik tarixi boʻlgani, bugungi kunda soha vakillari, olimlar oldiga qishloq xoʻjaligi mashinasozligini tubdan qayta tashkil qilish vazifasi qoʻyilganini taʼkidladi.

Sanoat tarmoqlari ichida ulkan eksport salohiyati va katta zaxiralarga ega boʻlgan ushbu sohaga mustaqillik yillarida zamonaviy ishlab chiqarish muhiti olib kirilmadi, yaʼni texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha bugungi kun talablari darajasida ish tashkil qilinmadi. Oqibatda qanchadan-qancha ish oʻrinlari, ishlab chiqarish quvvatlari yoʻqotildi. Mahalliy korxonalar xorijiy kompaniyalar bilan nafaqat raqobat qila olish, balki ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham qoʻldan boy berdi. Shu bois qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan talab asosan import hisobiga taʼminlab kelindi.

Albatta, xorijda ishlab chiqarilgan texnikaning unumdorligi yuqori, qolaversa, tarmoqni jahon tajribasi bilan integratsiyalash juda muhim. Lekin klasterlar, fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar avvalo oʻzimizdagi bor imkoniyatdan foydalanib, mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning rivojlanishiga hissa qoʻshishi, ularda vatanparvarlik tuygʻusi boʻlishi zarur.

Bir paytlar xalq tilida “TTZ” nomi bilan mashhur boʻlgan korxonani mamlakatimizning hozirgi taraqqiyotiga javob beradigan tarzda qayta tiklab, uning zamonaviy mahsulotlari bilan nafaqat ichki isteʼmolchilar talabini qondirish, balki yaqin qoʻshnilarimiz, uzoq xorijdagi hamkorlarimizga ham yetkazib berish agrar soha mashinasozligi oldidagi asosiy vazifadir.

Tizimdagi korxonalar yiliga 26 ming dona texnika ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlsa-da, oʻtgan yili “Oʻzagrotexsanoatxolding” korxonalari tomonidan 11,5 ming dona qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilgan xolos. Joriy yilning birinchi yarmida 3 ming dona qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarildi va bu raqam oʻtgan yilgiga nisbatan 50 foiz kam.

“Oʻzagrolizing” AJga joriy yilning olti oyida 2 ming 374 dona texnikaga buyurtmalar kelib tushgan, ularning maʼlum qismi bajarilmadi. Ichki bozorda yurtimizda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining ulushi 80 foizni tashkil qilsa-da, mahalliylashtirish darajasi oʻrtacha 25 foizdan oshmayotir. Ishlab chiqarilayotgan texnika vositalari narxi ham xorijdagi boshqa turdosh korxonalarniki bilan raqobat qilolmaydi.

Mahalliylashtirish darajasini oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish va aniq loyihalarni amalga oshirish birinchi galdagi masalalardan biridir.

Muloqotda lokalizatsiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgani, ayni paytda hamkorlar bilan ushbu korxonalarni ishga tushirish yuzasidan izchil ish olib borilayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda fermerlar va klaster egalari qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun lizing shartnomalari imzolash, ularni yetkazib berish, texnika vositalariga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha oʻzlarini qiynayotgan muammolarni oʻrtaga tashladi.

– Mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos texnikalar koʻproq ishlab chiqarilsa fermerlarga ancha yengillik boʻlardi, – deydi Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Mirzakarimov Teshaboy” fermer xoʻjaligi rahbari, 83 yoshli Teshaboy Mirzakarimov. – Shuningdek, ogʻir texnikalarni koʻproq ishlab chiqarish zarur. Olimlar biz bilan hamkorlikda ishlasa, qaysi turdagi texnikaga talab yuqoriligini oʻrganib, soʻng ishlab chiqarishga joriy etilsa bundan faqat yutamiz.

Tadbirda fermerning mahalliy korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha fikr-mulohazalari, takliflari eʼtiborga olinadigan boʻldi. “Mirzakarimov Teshaboy” fermer xoʻjaligiga zamonaviy texnika sovgʻa qilindi.

– 8 ming 200 gektar yerimiz bor, – deydi Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Ziyovuddin tekstil” klasteri rahbari Zavqiddin Mahmudov. – Ochiq muloqotda faoliyatimizni rivojlantirish boʻyicha koʻplab takliflar berdik, ular inobatga olinganidan mamnunmiz. Masalan, men 3 dona haydov traktoriga ehtiyojimiz borligini aytdim. Bugunning oʻzidayoq ushbu texnikalar ajratib berildi. Ayni paytda klasterimiz va tumanimizdagi paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari uchun traktorlar, seyalka va kultuvatorlar, jami 280 ta texnika zarur. Yil oxirigacha ularni birin-ketin olish maqsadida “Oʻzagrolizing” bilan shartnomalar tuzilgan. Bu ishlar amalga oshsa, faoliyatimiz yanada rivojlanadi.

– Bugungi tadbir juda foydali boʻldi, – dedi Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi “Azizbek Abdusalomov” fermer xoʻjaligi rahbari Azizbek Abdusalomov. – Yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy texnikalar bilan tanishdik, zarur maʼlumotlarga ega boʻldik. Muloqotda lizing toʻlovlarini yengillatish boʻyicha oʻz taklifimni aytdim. Chunki bu hozir koʻplab fermerlarni qiynab kelmoqda. Shuni eʼtiborga olib, yiliga ikki marta, yaʼni gʻalla oʻrimi va paxta terimidan soʻng lizing toʻlovlarini amalga oshirish haqidagi taklifim maʼqullandi. Sababi, oʻsha paytda fermerlar hisobida yetarli mablagʻ boʻladi. Taklifim amalga oshsa, fermerlarga ancha yengillik boʻladi.

Ochiq muloqot fikr almashuvlarga boy boʻldi. Koʻplab muammolar oʻrtaga tashlanib, ularni joyida hal qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tadbir soʻnggida fermer xoʻjaliklari va klasterlar “Oʻzagrolizing” va “Oʻzagromashservis” aksiyadorlik jamiyatlari bilan texnikani lizingga berish va joylarda ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar imzoladi.

7 426
Matnazar Elmurodov, Abdulaziz Musayev, A.Abdullayev (surat), OʻzA