O‘zA O`zbek

05.07.2019 Chop etish versiyasi

Fermerlar soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritishni talab qilmoqda...

Fermerlar soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritishni talab qilmoqda...

“Pishiqchilik mavsumi boshlangandan buyon qisqa fursatda 280 ming dollarlik eksportni amalga oshirdik. Yaqinda yana shundan sal kamroq miqdordagi mahsulot sotildi. Ayni vaqtda esa 50 ming dollar miqdoridagi shartnomani toʻxtatib turibman”.

Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “May garden” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Adhamjon Abdurahmonovning eksportni toʻxtatib turibman, degan soʻzlari anjuman ishtirokchilarini hushyor torttirdi.

Nega?

– Sababi soliq masalasida muammolar chiqmoqda, –deydi fermer.–Koʻpchilikning xabari bor. Yillik tushumi 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida shunga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliq toʻlashga tizimiga oʻtkaziladi. Bu degani bir yilda 200 million soʻm soliq toʻlash kerak. Axir, yetishtirgan mahsulotingizdan 200 ming dollar eksport qilsangiz, shuning oʻzi soʻmga chaqilganda bir milliarddan oshadi. Shu tariqa yagona yer soligʻi toʻlovchidan umumbelgilangan soliq toʻlovchiga oʻtib qolamiz. Bu esa bizga katta zarar keltiradi. Agar yagona toʻlovchi boʻlsak, yiliga 5-6 million soʻm toʻlash imkoniga egamiz. Hisoblab koʻring, 5-6 million bilan 200 million oʻrtasida juda katta farq bor-da!

Bir jihatda bu va boshqa fermerlarning talabi va olib chiqqan muammosi toʻgʻriga oʻxshaydi. Zero, eksport bilan shugʻullanayotgan va koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari qator imtiyozlarga ega. Biroq, bu tarafdan olinayotgan soliqlar bu imtiyozlardan keladigan foydadan bir necha barobar oshib ketmoqda.

Eng yomoni esa, fermerlarning eksport qilish, umuman olganda koʻproq ishlab daromad olishga boʻlgan intilishini soʻndirayotganga oʻxshaydi. 

Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan “Eksportga doir qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Respublika Hukumatining qarorlari va ularning ijrosi” mavzusidagi matbuot anjumanida fermerlar soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritishni talab etib, oʻz takliflarini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbarlari bu borada mulkdorlarga yaqindan koʻmak berishni maʼlum qildi.

3 990
Sayyora Shoyeva, OʻzA