Fermer ayollar yuzida kulgan quyosh
Qishloq xoʻjaligida fermer va tadbirkor ayollar faoliyatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan tadbir “Agrar sohada ayollarni qoʻllash istiqbollari“ deya nomlandi.
Qishloq xoʻjaligida fermer va tadbirkor ayollar faoliyatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan tadbir “Agrar sohada ayollarni qoʻllash istiqbollari“ deya nomlandi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari kengashi tashkil etgan yigʻilishga turli hududlardan vakillar ishtirok etdi.
Fermer ayollar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari boʻyicha sessiyalar tashkil etildi. Unda asosiy eʼtibor “Oʻzbekiston meva-sabzavotchilik sektori rivojlanish istiqbollari va sohaning eksport salohiyati, Fargʻona vodiysi ayollari uchun Agrobiznes va meva-sabzavotchilik” mavzusida oʻtkazilgan sinov treningi natijalari va tavsiyalari kabi koʻplab mavzularga qaratildi.
– Ayni paytda minglab ayollar oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyib, yurtimiz iqtisodiyotiga munosib ulush qoʻshmoqda, – deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari kengashi vakili Aziza Sayfiddinova. — Oʻz navbatida, ayollar boshqarayotgan fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, ularni koʻp tarmoqliga aylantirish, qishloqlarda kasanachilik va yangi ish oʻrinlarini yaratishga doir loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Anjumanda qishloq xoʻjaligiga ilm-fanning soʻnggi yutuqlari hamda yuqori texnologiyalarni olib kirish va tatbiq qilish uchun qulay sharoitlarni yaratish, qishloq joylardagi tadbirkor ayollarning ishlab chiqarish samaradorligi hamda daromadlarini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.